add

Xitoy va AQSH yetakchilari uchrashuvi ustida ish olib borilmoqda

13.07.2025 | 22:009063

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Malayziyada Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Donald Tramp va Si Jinping uchrashuvi bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Xitoy va AQSH yetakchilari uchrashuvi ustida ish olib borilmoqda
Malayziyada bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng Rubio suhbat «juda konstruktiv va ijobiy» o‘tganini ta’kidladi. Uning aytishicha, har ikki tomon AQSH va Xitoy yetakchilari o‘rtasida shaxsiy uchrashuv tashkil etishdan manfaatdor. Rubioga ko‘ra, Tramp va Si Jinping sammiti bo‘yicha qo‘shma kelishuvni muhokama qilishga tayyorlik bor va «uchrashuv bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori». Hozirda sammit sanasini ikki tomon uchun qulay tarzda kelishish jarayoni boshlangan. Bundan oldin, 27 iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan savdo kelishuvi imzolanganini e’lon qilgandi. Ammo bu haqda batafsil ma’lumot berilmagan. Ushbu kelishuv may oyida Jenevada o‘tkazilgan dastlabki muzokaralardan so‘ng tuzilgan, unda ikki tomon tariflarning katta darajada oshirilishini vaqtincha to‘xtatib turishga kelishib olgan edi. Xitoy hozircha bu kelishuvni rasman tasdiqlamagan, biroq kamyob metalllar eksporti bo‘yicha tartiblarni tezlashtirayotganini ma’lum qilgan. Bu mahsulotlar savdosi AQSH va Xitoy o‘rtasidagi asosiy tortishuv nuqtalari sirasiga kiradi. Yangi sammit orqali ikki tomon aloqalarni mustahkamlash va savdo sohasidagi qarama-qarshiliklarni yumshatishga umid qilmoqda. Uchrashuv jahon iqtisodiyoti uchun ham muhim siyosiy qadam sifatida qaralmoqda.

Teglar

Mavzuga oid