add

Zelenskiy Putin kimdan qo‘rqishini aytdi

Kecha 08:382 daqiqa

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbarini hayiqtiradigan yagona kuch Yevropada emas.

Zelenskiy Putin kimdan qo‘rqishini aytdi

Ukraina Prezidenti Voladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putin Donald Trampdan qo‘rqishini, biroq yevropaliklardan mutlaqo qo‘rqmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Zelenskiy «France 2» telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

«Putin faqatgina Trampdan qo‘rqadi — bu haqiqat. Tramp Putinga nima deyishi kerakligi esa mening ishim emas. AQSH Prezidenti ushbu urushni murosalar orqali to‘xtatish niyatida. Biz bu takliflarni qo‘llab-quvvatladik, biroq davlat suvereniteti masalasida hech qanday murosa bo‘lishi mumkin emas», - dedi Ukraina rahbari.

«Putinni demokratiya bilan yengib bo‘lmaydi»

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Putin «yevropaliklardan qo‘rqmaydi». Uning fikricha, «urush qoidalariga rioya qilmaydigan Putinni demokratiya bilan yengib bo‘lmaydi». Shuningdek, prezident Yevropada kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan fojialar xavfidan ogohlantirdi.

«Bosim yetarli emas»

Zelenskiy Fransiya prezidenti Emmanuel Makron intilayotgan Vladimir Putin bilan muloqotni tiklash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. «Putinning maqsadi — Yevropani tahqirlash», - deya ta’kidladi u va Rossiya prezidentiga bo‘layotgan bosimning «yetarli emas» ekanini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiyning fikricha, muloqotni faqat «muayyan shartlar asosida» olib borish zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Reuters agentligi Fransiya prezidentining diplomatik maslahatchisi Emmanuel Bonn 3-fevral kuni rossiyalik mulozimlar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvada bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Agentlik manbalariga ko‘ra, Bonn Kremlda rasmiy shaxslar bilan uchrashgan. U uchrashuv tafsilotlarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, safardan ko‘zlangan asosiy maqsad — eng avvalo, Ukraina masalasi hamda boshqa muhim mavzularni muhokama qilish bo‘lganini qayd etgan. Diplomatik manbalarning bildirishicha, ittifoqchilar ushbu tashabbus haqida oldindan xabardor qilingan.

Teglar

Mavzuga oid