Naqd puldan voz kechayotgan o‘zbekistonliklar, zakot, fitr va fidya miqdori hamda ta’mirlanadigan Toshkent ko‘chalari — 17-fevral dayjesti

17.02.2026 | 23:473 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Naqd puldan voz kechayotgan o‘zbekistonliklar, zakot, fitr va fidya miqdori hamda ta’mirlanadigan Toshkent ko‘chalari — 17-fevral dayjesti

O‘zbekistonliklar naqd puldan ko‘ra ko‘proq karta ishlatishni afzal ko‘rmoqda

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2025 yilda bank kartalariga 1,5 kvdrln so‘m mablag‘ kirim qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 1,4 barobarga oshgan. Banklarga tushgan umumiy pul tushumlarida terminallar va mobil ilovalar ulushi 43 foizga yetgan, savdo va xizmatlar sohasidagi terminal tushumlari esa o‘tgan yilga qaraganda 4 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirish ulushi oxirgi ikki yil bilan solishtirilganda 5 foizga kamaygan.

2025 yilda banklar tomonidan chiqarilgan naqd pullar hajmi 25 foizga oshib, 635 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, aholi naqd puldan ko‘ra ko‘proq karta ishlatishni afzal ko‘rmoqda. Muomaladagi naqd pullar miqdori 68 trln so‘mga, umumiy pul massasi esa 379 trln so‘mga yetgan. Shuningdek, yil davomida aholi qo‘lidagi 100 000 so‘mlik banknotlar ulushi sezilarli qisqarib, 200 000 so‘mlik pullar ulushi oshgani kuzatilgan.

Toshkentda 816 ming kv metr yo‘l ta’mirlanadi

Mart oyining birinchi o‘n kunligidan boshlab Toshkent shahri yo‘llarining 816 ming 23 metr kvadrat qismi qayta ta’mirlanadi. Hokimlikka ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik, kimyoviy moddalar va yo‘llarning eskirgani sabab yoriqlarga kirgan namlik yo‘l qoplamasining yemirilishiga va chuqurlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.

Ta’mirlash rejalashtirilgan hududlar:

Bektemir — 53 160 m²;

Mirzo Ulug‘bek – 50 471 m²;

Mirobod – 52 287 m²;

Olmazor – 48 087 m²;

Sergeli – 50 529 m²;

Uchtepa – 50 000 m²;

Chilonzor – 54 000 m²;

Shayxontohur – 51 182 m²;

Yunusobod – 47 546 m²;

Yakkasaroy – 51 000 m²;

Yangihayot – 51 000 m²;

Yashnobod – 50 411 m².

Markaziy ko‘chalar (ixtisoslashtirilgan boshqarma tasarrufida) – 206 350 m².

Ramazon oldidan kafe va restoranlar ogohlantirildi

Raqobat qo‘mitasi Ramazon oyi oldidan umumiy ovqatlanish korxonalarini iste’molchilarning erkin tanlov huquqlarini cheklamaslik bo‘yicha ogohlantirdi. Ayrim kafe va restoranlarda «aksiya setlar» (majburiy kompleks taomlar) joriy etilishi va minimal narxlar belgilanishi amaldagi qonunchilikka zid ekanligi ta’kidlandi. Qonunga ko‘ra, sotuvchi iste’molchini qo‘shimcha tovar yoki xizmatni sotib olishga majburlashga, shuningdek, mijozning taomnomadagi boshqa taomlarni tanlash huquqini cheklashga haqli emas.

Shu bilan birga, qo‘mita ovqatlanish shoxobchalaridan iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi yoki allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulotlarni to‘plamlar tarkibida sotishdan tiyilishni talab qildi. Ushbu tartiblarga rioya qilmagan va iste’molchi huquqlarini buzgan tadbirkorlarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi. Avvalroq xuddi shunday ogohlantirish savdo tarmoqlariga narxlarni asossiz oshirmaslik yuzasidan ham berilgan edi.

Ramazon-2026: Zakot, fitr va fidya narxlari ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi 2026 yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdorlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, zakot nisobi 85 gramm tillaning qiymatidan kelib chiqib 100 million so‘m etib belgilandi va ushbu miqdorga ega bo‘lgan shaxslar mablag‘ining 2,5 foizini zakot sifatida berishi farz hisoblanadi.

Fitr sadaqasi va fidya miqdori besh xil mahsulotning bozordagi qiymatiga qarab belgilandi: bug‘doy uchun 10 ming so‘m, bug‘doy uni uchun 12 ming so‘m, arpa uchun 20 ming so‘m, mayiz uchun 110 ming so‘m va xurmo uchun 200 ming so‘m. Har bir fuqaro o‘z moddiy imkoniyatidan kelib chiqib, ushbu mahsulotlardan birini yoki uning qiymatini fitr sadaqasi yoxud fidya niyatida berishi mumkin.

Prezident administratsiyasidan vazirlikka

Hilola Umarovaning Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan olinib, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori etib tayinlangani ma’lum qilindi.

Umarova administratsiyadagi faoliyatini atigi 217 kun davom ettirgan bo‘lib, uning lavozimdan olinish sabablari ochiqlanmagan; bu o‘zgarish ta’lim tizimidagi navbatdagi rotatsiya yoki yangi islohotlar bosqichi ekani borasidagi savollar ochiq qolmoqda

Umarovaning avvalgi vazirlik davri (2022–2025 yillar) "Vazir jamg‘armasi"ning tashkil etilishi va xalqaro grantlar asosida inklyuziv maktablar qurilishi kabi ijobiy natijalar, shu bilan birga, sohadagi majburiy mehnat va o‘qituvchilar huquqlari bilan bog‘liq tanqidlar bilan esda qolgan. E’tiborli jihati, u o‘zidan avvalgi vazir E’zozxon Karimova egallab kelgan — vazir o‘rinbosari va rektorlik birlashtirilgan lavozimga qaytdi.

Теглар

Мавзуга оид