180 mlrd dollarlik iqtisodiyot: maqsad qanchalik real? — iqtisodchi tahlili
2025-yilda 147 mlrd dollarga yetgan O‘zbekiston iqtisodiyoti oldida endi 180 mlrd dollarlik marra turibdi. Biroq bu maqsadga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan xavflar ham yo‘q emas.
© istockBugun davlat rahbari joriy yil yakunida O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 180 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini ma’lum qildi. Bu raqam so‘nggi yillarda mamlakat iqtisodiyoti uchun qo‘yilgan eng yirik marralardan biri hisoblanadi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahliliga ko‘ra, hozirgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar mazkur maqsadga erishish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatmoqda.
2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) real ko‘rsatkichlarda 7,7 foizga o‘sib, 147 mlrd dollarga yetgan edi. E’tiborli jihati shundaki, dollar hisobidagi nominal YAIM bir yil ichida 21,1 foizga oshgan va bu mamlakatning yangi iqtisodiy tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.
Taqqoslash uchun, bundan avvalgi eng yuqori natija 2022 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda dollar hisobidagi YAIM o‘sishi 16,1 foizni tashkil qilgan.

Manba: Mirkonmika
Ikki asosiy omil
Dollardagi nominal YAIMning yuqori sur’atlarda o‘sishi odatda ikki muhim omilga bog‘liq: milliy valutada hisoblangan iqtisodiyot hajmining tez o‘sishi va milliy valuta kursining barqaror yoki mustahkam bo‘lishi.
2025-yilda aynan shu ikki omil bir vaqtning o‘zida ishladi. Mamlakat iqtisodiyoti so‘m hisobida 20,4 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, so‘m yil davomida 7 foizga mustahkamlandi, yillik o‘rtacha kurs esa 2024-yilga nisbatan 0,6 foiz yaxshilandi. Natijada iqtisodiyotning dollardagi hajmi rekord darajada o‘sdi.
Joriy yilda esa iqtisodiy faollik yanada tezlashgan. Birinchi chorakda YAIMning real o‘sishi 8,7 foizni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,9 foiz band yuqori. Nominal o‘sish esa 20,1 foizga yetdi.
Shu bilan birga, yil boshidan buyon so‘m kursi nisbatan barqaror qolmoqda. Dastlabki besh oyda dollarning o‘rtacha kursi 12 124 so‘mni tashkil qildi. Agar ushbu tendensiya yil oxirigacha saqlansa, o‘rtacha yillik kurs 2025 yilga nisbatan taxminan 3,6 foizga mustahkamlangan bo‘ladi.
180 mlrd dollar uchun yetarlimi?
147 mlrd dollarlik iqtisodiyotdan 180 mlrd dollarga chiqish uchun YAIM hajmi taxminan 22–23 foizga o‘sishi lozim.
Mirkomil Xolboyev hisob-kitoblariga ko‘ra, agar iqtisodiyotda yuqori nominal o‘sish saqlansa va so‘m kursi keskin qadrsizlanmasa, yil yakunida dollar hisobidagi YAIM o‘sishi 24 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Bu esa iqtisodiyot hajmini 180 mlrd dollarlik marraga yetkazish uchun yetarli hisoblanadi.
Xavflar saqlanib qolmoqda
Shu bilan birga, bir qator tashqi va ichki xavflar ham mavjud. Mart oyidan boshlab kuchaygan geosiyosiy taranglik energiya resurslari narxining o‘sishiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik AQSH va Eron o‘rtasida kelishuvga erishilgani vaziyatni yumshatgan bo‘lsa-da, neft narxlari hali ham avvalgi darajadan yuqori.
O‘zbekiston energiya resurslarining net-importyori hisoblanadi. Shu sababli neft va gaz narxlarining yuqori bo‘lishi iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, valuta bozoridagi vaziyat ham muhim ahamiyatga ega. Agar yilning ikkinchi yarmida so‘mning qadrsizlanishi tezlashsa, bu dollar hisobidagi YAIM o‘sishini sekinlashtiradi.
Hozirgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va birinchi chorakdagi natijalardan kelib chiqilsa, 180 mlrd dollarlik iqtisodiyot maqsadi avvalgi yillarga nisbatan ancha real ko‘rinmoqda. Biroq yakuniy natija iqtisodiy faollik, energiya narxlari va valuta kursi dinamikasiga bog‘liq bo‘lib qolaveradi.
Teglar






