«OpenAI» 122 mlrd dollar investitsiya jalb qildi va 852 mlrd dollarga baholandi

OpenAI rekord darajadagi moliyalashtirish bosqichini yakunladi. Amazon, Nvidia va SoftBank startapga milliardlar tikdi, biroq kompaniya «Sora» loyihasini yopishga majbur bo‘ldi.

«OpenAI» 122 mlrd dollar investitsiya jalb qildi va 852 mlrd dollarga baholandi

«OpenAI» kompaniyasi rekord darajadagi 122 milliard dollar miqdorida sarmoya to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Bu fevral oyida e’lon qilingan 110 mlrdlik prognozdan ham oshib ketdi. Moliyalashtirishning asosini texnologik gigantlar tashkil etdi: «Amazon» 50 mlrd dollargacha, «Nvidia» va «SoftBank» esa 30 mlrd dollardan investitsiya kiritishga kelishib oldilar. Avvalroq 13 mlrd dollar tikkan «Microsoft» ham ushbu raundga qo‘shildi.

E’tiborli jihati, «OpenAI» ilk bor bank kanallari orqali o‘z aksiyalarini chakana (individual) investorlarga ham ochib, ulardan 3 mlrd dollar yig‘di. CNBC nashrining yozishicha, kompaniya hozirda oyiga 2 mlrd dollar daromad ko‘rmoqda (o‘tgan yili 13,1 mlrd dollar), biroq agressiv kengayish va infratuzilma xarajatlari tufayli startap hamon zarar bilan ishlamoqda.

Xarajatlarni qisqartirish

Birjaga chiqish (IPO) oldidan Sem Altman investorlar bosimi ostida qoldi. Buyuk va’dalar berish bilan birga, kompaniya real xarajatlarni jilovlashi kerak. Shu sababli, «OpenAI» qisqa videolar yaratuvchi mashhur «Sora» ilovasini ishlab chiqishni to‘xtatishga qaror qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu qadam nafaqat pul tejash, balki foydalanuvchilar qiziqishining pasayishi va «Disney» korporatsiyasi bilan litsenziya kelishuvining barbod bo‘lishi bilan bog‘liq. Kompaniya moliyaviy direktori Sara Frayer 2026 yilda «OpenAI» bor e’tiborini ko‘ngilochar servislarga emas, balki biznes uchun «amaliy vositalar» sotishga qaratishini ochiqladi.

Investitsiyalar ortidagi xavflar

«OpenAI» jalb qilgan milliardlar «qattiq» shartlar bilan sug‘urtalangan. Masalan, «Amazon» va’da qilgan 50 mlrd dollarning 35 mlrdi shartli hisoblanadi — startap bu pulni faqat muvaffaqiyatli IPO o‘tkazsa yoki «umumiy sun’iy intellekt» (AGI) yaratish kabi texnologik yutuqqa erishsagina oladi.

Yana bir muhim jihat — texnologik sektordagi «aylanma majburiyat»dir. Startap «Amazon», «Microsoft» va «Nvidia» kabilardan olgan milliardlarini keyinchalik ularga bulutli serverlar ijarasi va chiplar sotib olish uchun qaytarib beradi.

Nega bu muhim?

852 mlrd dollarlik baho «OpenAI»ni moliyaviy anomaliyaga aylantiradi: kompaniyaning qiymati ba’zi davlatlar iqtisodiyotidan katta, lekin u hali ham o‘z xarajatlarini qoplashga qodir emas. «ChatGPT»ning haftalik auditoriyasi 900 mlndan oshgani va 50 mln pullik obunachisi borligi kompaniyaning kelajagiga bo‘lgan umidni saqlab turibdi.

Теглар

Мавзуга оид