Yevropa Ittifoqi «Google»ga rekord miqdorda jarima tayyorlamoqda

Bugun 16:352 daqiqa

Shuningdek, Moskva Arbitraj sudi 2025 yil bahorida «Google»dan 91,5 kvintillion rubl, taxminan 1,2 kvintillion dollar undirish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Yevropa Ittifoqi «Google»ga rekord miqdorda jarima tayyorlamoqda © Reuters

«Google» Yevropa Ittifoqining navbatdagi jiddiy bosimiga duch keldi. Regulyatorlar kompaniyani «Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun» talablarini buzganlikda ayblamoqda. Asosiy e’tiroz «Google» qidiruv natijalarida o‘z xizmatlariga ustunlik berayotgani bilan bog‘liq.

Germaniyaning «Handelsblatt» nashri regulyatordagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Yevropa Komissiyasi kompaniyaga nisbatan bir necha yuz million yevro miqdorida jarima qo‘llash arafasida turibdi.

Tekshiruv sabablari

Yevropa Komissiyasi ushbu tekshiruvni 2025 yil mart oyida boshlagan edi. Bunga bozor ishtirokchilari tomonidan bildirilgan shikoyatlar asos bo‘lgan. Ular «Google» qidiruv tizimi raqobat muhitini cheklab qo‘yayotganini ta’kidlagan.

Shikoyatlarga ko‘ra, kompaniya o‘zining servislari va platformalarini qidiruv natijalarida yuqoriroq ko‘rsatish orqali boshqa ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlarni cheklayotgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Yevropa Komissiyasi jarimaning asosiy maqsadi mablag‘ yig‘ish emasligini ta’kidlamoqda. Idora uchun asosiy vazifa bozor qoidalarining amalda ishlashini ta’minlash hisoblanadi.

«Google» nima deydi?

«Google» kelishmovchiliklarni bartaraf etishga harakat qilayotganini ma’lum qilgan edi, biroq Yevropa regulyatsiyasining qat’iyligini tanqid ostiga oldi.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, DMA talablari asosida qidiruv tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar mahsulot uchun jiddiy ortga qadam bo‘lib, uni yevropalik foydalanuvchilar uchun yomonlashtirgan.

Bu Google uchun Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi organlari bilan birinchi to‘qnashuv emas.

2025-yil sentabr oyida Yevropa Ittifoqi «Google»ga reklama texnologiyalari bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun 3,45 mlrd dollar miqdorida jarima solgan edi.

Shuningdek, Moskva Arbitraj sudi 2025 yil bahorida «Google»dan 91,5 kvintillion rubl undirish to‘g‘risida qaror chiqargan edi. Bu taxminan 1,2 kvintillion dollarga teng. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo yalpi ichki mahsuloti 100 trln dollar atrofida. Shu tariqa da’vo summasi jahon YAIMidan million baravarga yaqin yuqori.

Ish tarixi 2020 yilga borib taqaladi. «Sargrad» va RIA FAN YouTube’dagi bloklangan akkauntlarini tiklash talabi bilan «Google LLC», «Google Ireland» va Rossiyadagi «Gugl» MCHJga qarshi da’vo kiritgan. Sud ular foydasiga qaror chiqargan, ammo kompaniya talabni bajarmagan.

Teglar

Mavzuga oid