O‘zbekiston ketma-ket beshinchi oy oltin sotmadi

Mamlakat rekord darajadagi narxlar ham oltin sotuvini amalga oshirmadi. Buning oqibatida eksport qariyb to‘rtinchi birga kamayib ketdi.

O‘zbekiston ketma-ket beshinchi oy oltin sotmadi

2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 11,6 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 767,4 mln dollarga yoki 7,1 foizga ko‘proq.

Tashqi savdoda eksport 3,5 mlrd dollar bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 23,4 foizga kamayib ketdi. Import esa 29,8 foizga o‘sib, 8,1 mlrd dollarga yetdi. Salbiy savdo balansi 4,5 mlrd dollarni tashkil qildi.

Xitoy asosiy savdo hamkori

Ikki oy ichida Xitoy (27,5 foiz) bilan tashqi savdo aylanmasi 3,2 mlrd dollarga yetdi. Mamlakat bu doirada katta farq bilan birinchi o‘rinni saqlab turibdi.

Keyingi o‘rinda 2,1 mlrd dollar bilan Rossiya (18,3 foiz), uchinchi o‘rinda esa 837,5 mln dollar bilan Qozog‘iston (7,2 foiz) bormoqda.

Asosiy savdo hamkorlari orasida 2025-yilga nisbatan Turkiya va Germaniya bilan O‘zbekistonning tashqi savdosida pasayish kuzatilgan.

Yana oltin sotilmadi

Eksportning qariyb to‘rtinchi birga kamayib ketishiga qimmatbaho metall sotuvi to‘xtagani sabab bo‘ldi.

Fevral oyida ham O‘zbekiston oltin sotuvini amalga oshirmadi. Bu holat ketma-ket besh oydan beri davom etmoqda.

O‘tgan oyda oltin narxi nisbatan yuqori shakllangandi. Oy boshida narx unsiyasi 4 600 dollargacha pasayib ketgan bo‘lsa-da, keyinchalik 5 300 dollardan oshgandi. Martda esa oltin narxi sezilarli tushib ketdi — 4 100 dollargacha.

Hozirda narx 4 500–4 600 dollar atrofida bo‘lib turibdi. Agarda yil davomida narxlar shu ko‘rinishda saqlanib qoladigan bo‘lsa, O‘zbekiston oltin sotuvi uchun qulay vaziyatni o‘tkazib yuborgan bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид