Logo

«100 yil turadi» deyilib, 1,5 yilda o‘pirilgan ko‘prik bo‘yicha sud hukmi, «New Port» qurilishidagi qonunbuzarliklar va O‘zbekistonda ishtirokini kengaytirayotgan Xitoy — 5-avgust dayjesti

Kecha 22:393 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«100 yil turadi» deyilib, 1,5 yilda o‘pirilgan ko‘prik bo‘yicha sud hukmi, «New Port» qurilishidagi qonunbuzarliklar va O‘zbekistonda ishtirokini kengaytirayotgan Xitoy — 5-avgust dayjesti

«Samarkand-2028» sun’iy yo‘ldoshi kosmosga uchirildi

Xitoyning Shandun provinsiyasi yaqinidagi dengiz platformasidan «STAR.VISION» kompaniyasi «Samarqand-2028» va «Lampung-1» giperspektral sun’iy yo‘ldoshlarini muvaffaqiyatli orbitaga chiqardi. Loyiha doirasida «O‘zbekkosmos» mutaxassislari sun’iy intellekt modulini ishlab chiqqan bo‘lib, u ma’lumotlarni orbitaning o‘zida qayta ishlash imkonini beradi.

Vazirlikka ko‘ra, «Samarqand-2028» qishloq xo‘jaligi, ekologiya, suv resurslari, favqulodda vaziyatlar monitoringi va shaharsozlik sohalarida qo‘llaniladi. Yo‘ldosh nomi esa 2028 yilda Xalqaro astronavtika kongressi Samarqandda o‘tkazilishi munosabati bilan tanlangan.

Xitoy O‘zbekistondagi ishtirokini kengaytirmoqda

2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi 7,7 mlrd dollarga yetdi va Xitoy mamlakatning eng yirik savdo hamkoriga aylandi. Shu davrda O‘zbekistondagi Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 6060 taga yetdi. Xitoydan kelgan tashrif buyuruvchilar soni ham keskin oshib, yarim yilda 223 ming nafardan oshdi.

Materialda, shuningdek, Xitoyning Markaziy Osiyodagi ishtiroki ham kengayayotgani qayd etilgan. Qozog‘iston bilan moliyaviy hamkorlik va raqamli to‘lovlar, Tojikiston bilan savdo va energetika, Qirg‘izistonda transport hamda Turkmanistonda gaz sohasidagi hamkorlik loyihalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Mirzo Ulug‘bekdagi qulagan yo‘l ishida 6 kishi aybdor deb topildi

2026 yil mart oyida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, foydalanishga topshirilganiga 1,5 yil bo‘lgan tunnel yo‘li atrofidagi yo‘l o‘tkazgich qulashi ortidan olib borilgan tergov yakunlandi. Sud qurilish uchun mas’ul bo‘lgan olti nafar shaxsni budjet mablag‘larini talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi va qalbaki hujjatlar rasmiylashtirishda aybdor deb topdi.

Ekspertizalar qurilish jarayonida geosetka to‘liq o‘rnatilmagani, beton quyish qoidalari buzilgani, drenaj tizimi va suv chiqarish inshootlari barpo etilmagani, armaturalar loyihadan chetga chiqqan holda joylashtirilganini aniqladi. Sud hujjatlariga ko‘ra, bu kamchiliklar obyektning qulashiga asosiy sabab bo‘lgan. Tergov davomida bajarilmagan ishlar hujjatlarda bajarilgan deb ko‘rsatilgani va sifati talabga javob bermaydigan qurilish ishlari orqali davlatga 7,38 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu mablag‘ sudga qadar to‘liq qoplangan.

Sud hukmiga ko‘ra, besh nafar aybdorga 116,25 mln so‘mdan, yana bir nafarga 112,5 mln so‘m jarima tayinlandi. Shuningdek, ularning barchasi bir yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etildi.

O‘zbekiston Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonnaga yaqin neft mahsuloti bermoqchi

Qirg‘iziston Rossiyadan yoqilg‘i yetkazib berish qiyinlashayotgani sabab ta’minotni diversifikatsiya qilmoqda. Mamlakat hukumati ma’lum qilishicha, O‘zbekiston import qilingan neftni qayta ishlab, oyiga taxminan 20 ming tonna neft mahsuloti yetkazib berishga tayyor.

Qirg‘iziston shuningdek Belarus va Xitoydan ham yoqilg‘i import qilishni yo‘lga qo‘ymoqda. Hukumat benzin narxi bosqichma-bosqich oshishi mumkinligini bildirib, ayni paytda AI-92 benzini, dizel va suyultirilgan gaz narxlari davlat subsidiyalari hisobiga ushlab turilganini ma’lum qildi.

«Nyew Port»da yana qonunbuzilishi: majmuaning 6 ta blokida noqonuniy qurilish olib borilgan

Qurilish inspeksiyasi Toshkentdagi «New Port» turarjoy majmuasidagi 9 ta blokdan faqat 3 tasi barcha ruxsatnoma va ekspertiza hujjatlari bilan rasmiylashtirilganini, qolgan 6 ta blokda qurilish ishlari qonunchilik talablarisiz olib borilganini ma’lum qildi.

Inspeksiyaga ko‘ra, quruvchi kompaniya bir necha marta ogohlantirilgan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan. To‘plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Avvalroq mazkur majmuada ruxsatnomasiz qurilishlar va uylarni noqonuniy buzish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid