Beeline, Ucell, Mobiuz va Uztelecom: qaysi aloqa operatori eng ko‘p soliq to‘laydi?

Bugun 17:552 daqiqa

2026 yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistondagi yirik aloqa operatorlari davlat budjetiga 671,7 mlrd so‘m soliq to‘ladi.

Beeline, Ucell, Mobiuz va Uztelecom: qaysi aloqa operatori eng ko‘p soliq to‘laydi?

Soliq qo‘mitasi 2026 yil I choragida xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

2026 yilning yanvar-mart oylarida aloqa operatorlari orasida eng yirik soliq to‘lovchi — «O‘zbektelekom» AJ bo‘ldi. Kompaniya ushbu davrda budjetga 353,4 mlrd so‘m soliq to‘ladi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 236, 5 mlrd so‘mni tashkil etgandi.

«O‘zbektelekom» 2025 yilda ham aloqa operatorlari ichida eng ko‘p, jami 1,36 trln so‘m soliq to‘lagandi.

Ikkinchi o‘rinni «Coscom» MCHJ (Ucell) egalladi. Kompaniya yanvar–mart oylarida 127,4 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Kompaniya o‘tgan yilning birinchi choragida 79,7 mlrd so‘m soliq to‘lagandi.

Keyingi pog‘onada «Unitel» MCHJ (Beeline) joylashdi. Ushbu operator birinchi chorak yakunlariga ko‘ra davlat budjetiga 107,5 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Biroq bu ko‘rsatkich 2025 yilning birinchi choragida 125,2 mlrd so‘mni tashkil etgandi.

Ro‘yxatni 83,4 mlrd so‘m soliq to‘lab, «Universal Mobile Systems» MCHJ (Mobiuz) yakunlab berdi. Kompaniya boshqa ishtirokchilarga nisbatan kamroq ko‘rsatkich qayd etgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davriga (40,6 mlrd) nisbatan ikki barobar ko‘proq soliq to‘ladi.

Ma’lumot uchun, hozirda «Mobiuz» kompaniyasini xususiylashtirish jarayonlari ketmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2025 yil 30-dekabrdagi bayonotiga ko‘ra, kompaniyani sotib olishga davogar bo‘lgan 6 ta talabgorning majburiyatga ega takliflari qabul qilib olinga va ulardan 3 tasi jozibali deb topilgan. Jozibali deb topilgan takliflar egalariga 23-yanvargacha o‘z takliflarini yaxshilash uchun muhlat berilgan. Shundan so‘ng, uchta investorga o‘z takliflarini yanada yaxshilash uchun 21-aprelgacha qo‘shimcha muddat berilgandi. Muddat tugadi, lekin haligacha Davaktiv rasmiy bayonot bermadi. 

«Mobiuz» ni xususiylashtirish uchun strategik va moliyaviy konsultant sifatida «Rothschild & Co», soliq va yuridik ekspertiza uchun «KPMG», mustaqil baholovchi sifatida «Deloitte» kompaniyalari jalb etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Beeline, Ucell, Mobiuz va Uztelecom: qaysi aloqa operatori eng ko‘p soliq to‘laydi? | Vaqt.uz