Mobiuz xususiylashtirilishida investorlarga qo‘shimcha muddat berildi

Bugun 18:552 daqiqa

Aloqa operatorini xususiylashtirish jarayonida qatnashayotgan uchta investorga o‘z takliflarini yaxshilash uchun 21-aprelgacha qo‘shimcha muddat berildi.

Mobiuz xususiylashtirilishida investorlarga qo‘shimcha muddat berildi

O‘zbekistonda «Universal Mobile Systems» MCHJ (Mobiuz)ni xususiylashtirish jarayoni yakuniy bosqichga kirdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qilishicha, investorlarga o‘z takliflarini yanada takomillashtirish uchun qo‘shimcha muddat berildi.

Avvalroq saralab olingan uch nafar investor endi 2026 yil 21-aprelga qadar o‘z takliflarini yaxshilab taqdim etishi mumkin. Shuningdek, majburiy takliflarni topshirishning oxirgi muddati 20-aprel soat 23:59gacha etib belgilandi.

Saralash jarayoni

Mobiuz'ni 100 foiz davlat ulushi bilan xususiylashtirish jarayoni 2025 yil iyun oyida boshlangan edi. Dastlab 15 ta mahalliy va xalqaro investor ushbu aktivga qiziqish bildirgan.

Keyinchalik 10 ta majburiy bo‘lmagan taklif qabul qilingan va maslahatchilar tavsiyasi asosida 7 ta ishtirokchi yakuniy bosqichga o‘tkazilgan. Ulardan 6 tasi majburiy takliflarini taqdim etgan.

Tahlil natijasida eng yuqori narx va raqobatbardosh shartlarni taklif etgan 3 ta investor tanlab olingan.

Nega muddat uzaytirildi?

Agentlikka ko‘ra, xususiylashtirishdan maksimal iqtisodiy samara olish maqsadida savdo jarayonining ayrim shartlari takomillashtirilmoqda. Shu bois investorlarga o‘z takliflarini qayta ko‘rib chiqish va yaxshilash imkoniyati berilgan.

Jarayon doirasida xalqaro maslahatchilar — KPMG va Rothschild & Co kompaniyalari ishtirok etmoqda. Ular investorlarga barcha texnik va tashkiliy ma’lumotlarni taqdim etyapti.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirish jarayoni shaffof va raqobat asosida o‘tkazilishini ta’kidlamoqda. Barcha ishtirokchilar va jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilib boriladi.

Ma’lumot uchun: Mobiuz 2025-yilda qariyb 175 mlrd so‘m foyda olgan edi. Kompaniya foydasi 2024-yilga nisbatan 39 barobar o‘sgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati kompaniyani taxminan 300 million dollarga sotish rejalashtirgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid