
Bepul davolanadigan orfan va boshqa irsiy-genetik kasalliklar turi 5 tadan 10 taga yetkaziladi
Prezidentning kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qarori imzolandi.

«2026–2030 yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida xabar berildi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2030 yillarda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarni davolash va oldini olishning asosiy maqsadlari etib qator yo‘nalishlar belgilandi. Jumladan, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadigan kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklar turini 5 tadan 10 taga yetkaziladi.
Shuningdek, ushbu kasalliklarga chalingan bolalarning dori vositalari, maxsus oziq-ovqatlar va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanish darajasini 95 foizdan 99 foizgacha yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalar salomatligini muhofaza qilish va tiklash belgilandi.
2026 yil 1 yanvardan ushbu turdagi kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan bemorlar bepul tibbiy kuzatuvda bo‘ladi va davolanish ishlari davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida bajarilayotgan tibbiy amaliyot turlari 43 taga yetgani haqida xabar bergan edik.





