
O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida bajarilayotgan tibbiy amaliyot turlari 43 taga yetdi
O‘zbekiston tibbiyot tizimida sun’iy intellekt va robot texnologiyalari joriy etilishi natijasida amaliyot turlari kengaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida respublika tibbiyot tizimida raqamlashtirish jarayonlari jadallashdi va sun’iy intellekt asosida amalga oshirilayotgan tekshiruv hamda muolaja turlari 43 taga yetdi.
Qayd etilishicha, 2025 yil o‘tgan davrida tibbiy muassasalarda 179 ta yangi tashxislash va 199 ta davolash usuli yo‘lga qo‘yildi. Ular orasida jigar va buyrakni kam invaziv usulda transplantatsiya qilish, yurak kardiomiotomiyasida sun’iy chap qorincha (LVAD) o‘rnatish, umurtqa pog‘onasi disk churrasini olish operatsiyasi, suyak ko‘migi transplantatsiyasi hamda epilepsiyada miyaga chip o‘rnatish kabi noyob amaliyotlar bor.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari filiallarida jami 379 turdagi murakkab operatsiyalar joriy etilgan. Buning natijasida joylarda amalga oshirilayotgan amaliyotlar ko‘lami kengayib, poytaxtdagi tibbiyot markazlariga murojaatlar ulushi 80 foizdan 15 foizgacha kamaydi.
Ta’kidlanishicha, kelgusida sun’iy intellekt orqali MRT, KT va rentgen tasvirlarini avtomat tahlil qilish, virtual jarrohlik simulyatsiyasi hamda gibrid operatsiyalar ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt loyihalari uchun 100 mln dollar ajratilishi haqida xabar bergan edik.





