«Bilimni ilmiy yo‘nalishda qo‘llashda hali kamchiligimiz bor» — vazir PISA natijalari haqida
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova PISA natijalaridan keyingi asosiy vazifalar sifatida o‘quvchilarning bilimini amalda qo‘llash, ota-onalarning ta’limdagi ishtirokini kuchaytirish va sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish o‘nikmalari shakllantirilishi zarurligini qayd etdi.

Bu haqda 8-sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Ta’lim forumi yakunidan so‘ng Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova «Gazeta.uz»’ga ma’lum qildi.
O‘quvchilar bilimni amaliyotda qo‘llashda qiynalmoqda
Vazirning ta’kidlashicha, PISA tadqiqotida nafaqat o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha bilimi, balki maktablarda ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar va ta’lim jarayoni bilan bog‘liq boshqa jihatlar ham baholangan. O‘zbekiston natijalarga ko‘ra Markaziy Osiyo davlatlari orasida yuqori o‘rinni egallagan.
Karimova keyingi bosqichda o‘quvchilarning olgan bilimlarini ilmiy va amaliy yo‘nalishlarda qo‘llay olish qobiliyatiga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini aytdi.
“Bolalarimiz bilimni olyapti, lekin uni ilmiy yo‘nalishda qo‘llashda hali kamchiligimiz bor ekan”, — deydi Karimova.
Uning fikricha, ta’lim tizimidagi yana bir muhim yo‘nalish maktab va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. PISA doirasida o‘qituvchilarning ta’lim berish jarayoni bilan bir qatorda, oilaning bola ta’limiga qo‘shayotgan hissasi ham o‘rganilgan.
Vazir o‘qituvchilarning o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashayotganini o‘quvchilarning o‘zlari ham tasdiqlaganini ta’kidladi. Biroq ota-onalarning farzand ta’limidagi ishtirokini yanada oshirish zarurligini qayd etdi.
«O‘qituvchilarimizning bolalarga sidqidildan bilim o‘rgatishga harakat qilayotganini o‘quvchilarning o‘zlari ham tasdiqlashgan. Biroq, ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki masalasiga ham jiddiyroq e’tibor qaratishimiz lozim», — deydi vazir.
Karimova ayrim ota-onalar farzandi uchun zarur sharoitlarni yaratib berishning o‘zi bilan ta’lim jarayonidagi vazifasini bajargan deb hisoblayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, bolaning bilimi va tarbiyasi faqat ta’lim muassasasi zimmasida qolib ketmasligi kerak.
«Bizda shunday tendensiya shakllangan: ota-ona „farzandimning bilim olishi uchun hamma sharoitni qilib qo‘ydim, bo‘ldi“, deb o‘ylaydi. Qolgan barcha narsani — bilim olishni, hatto tarbiyani ham ta’lim tashkilotlaridan kutayotgan holatlar ko‘p kuzatilyapti», — deya qo‘shimcha qildi Karimova.
Vazir ota-onalar farzandi maktabda nimalarni o‘rganayotgani bilan uyda ham qiziqishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, boladan kun davomida nimalarni o‘rgangani haqida so‘rashning o‘zi uning ta’lim jarayonidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
«Farzand maktabdan kelganda: „Qani, bugun nimani o‘rganding, nimani tushunding?“, deb so‘rashning o‘zi bolada mas’uliyat hissini oshiradi. Ustoz bu yoqdan so‘raydi, ota-ona u yoqdan so‘raydi», — deydi u.
Ta’limga kiritilgan investitsiyalar natijasi ko‘rina boshlagan
E’zozxon Karimova PISA natijalarida ta’lim sohasiga kiritilgan investitsiyalarning ta’siri ham namoyon bo‘layotganini aytdi.
Vazir bugungi natijalarda 2022 yilda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar va yaratilgan imkoniyatlarning ta’siri borligini qayd etdi.
«Men xursand bo‘lgan jihat — ta’limga kiritilgan investitsiya asta-sekin natijasini ko‘rsata boshladi. Bu hurmatli prezidentimiz tomonidan bolalarimizning yetarli bilim olishiga qaratilgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar natijasi, deb o‘ylayman», — deydi vazir.
O‘quvchilarga sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish o‘rgatiladi
PISA 2025 tadqiqotida raqamli muhitda ma’lumot va bilim olish, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq ko‘nikmalar ham baholangan.
Karimova kelgusida o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydali va to‘g‘ri maqsadlarda foydalanishni o‘rgatish ta’lim tizimining muhim vazifalaridan biri bo‘lishini aytdi.
Bu borada dastlabki ishlar boshlangan. Xitoy Sharqiy pedagogika universiteti tomonidan sun’iy intellekt bo‘yicha ishlab chiqilgan qo‘llanmalar O‘zbekistonga olib kelinib, mahalliy sharoitga moslashtirilgan va o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
«Hozir ular chop etilyapti va sentabr oxiriga qadar barcha maktablarimizga yetkaziladi», — deydi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu materiallardan foydalanish samarasi kelgusi PISA tadqiqotlarida ham aks etishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro ta’lim tadqiqotlarida ishtirokini davom ettirmoqda. Mamlakatning PISA 2029 tadqiqotida ishtirok etishi bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.
«Ta’lim hech qachon to‘xtamaydi», — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri.
O‘zbekiston PISA 2025da 48-o‘rinni egalladi
PISA 2025 natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘quvchilari 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball bilan 48-o‘rinni egallagan.
«Raqamli dunyoda o‘rganish» yo‘nalishida esa mamlakat 402,4 ball bilan 72-o‘rindan joy olgan.
Matematika va o‘qish bo‘yicha natijalar ma’lumotlardagi nomutanosibliklar aniqlangani sababli hozircha e’lon qilinmagan.
Avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonning PISA–2025 natijalarini ta’lim eksperti Komil Jalilov bilan tahlil qilgan edi. Unda ekspert 83 ballik o‘sish, PISA formatiga tayyorgarlik, Prezident maktablarining natijaga ta’siri va ta’limdagi tafovutlar haqida fikr bildirgan. Uning ta’kidlashicha, asosiy maqsad PISA reytingida yuqorilash emas, balki ta’lim tizimida real va barqaror o‘zgarishlarga erishish bo‘lishi kerak.





