Logo

Aviareys kechiksa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadimi? Raqobat qo‘mitasi o‘rganish boshladi

Bugun 22:271 daqiqa

2026-yilning birinchi yarmida havo transporti xizmatlari bo‘yicha iste’molchilar murojaatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 barobar ko‘payib, 300 tadan oshdi. Murojaatlarda reyslarning bir necha soatga kechikishi, yo‘lovchilarga o‘z vaqtida axborot berilmasligi va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi kabi holatlar qayd etilgan.

Aviareys kechiksa, yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanadimi? Raqobat qo‘mitasi o‘rganish boshladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2026-yil yanvar–iyun oylarida havo transporti xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,1 barobar ko‘p.

Murojaatlarda asosan aviareyslarning bir necha soatga kechikishi, yo‘lovchilarga reys holati haqida o‘z vaqtida va aniq ma’lumot berilmasligi, xizmatlar sifatining pastligi hamda amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishiga oid shikoyatlar bildirilgan.

Qo‘mita o‘rganishlari davomida ayrim holatlarda tashuvchining aybi bilan kechikkan reyslar bo‘yicha yo‘lovchilarga kompensatsiya yoki muqobil yechim taklif etilmagani aniqlangan.

Qayd etilishicha, bunday holatlar fuqarolarning vaqti, mablag‘i va rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi mahalliy aviareyslar tashuvchining aybi bilan kechikkan holatlarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi, shuningdek, iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi holatlarini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.

Qo‘mita aviakompaniyalarga raqamli platformalaridagi axborotlarni to‘liq taqdim etish va ularni amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish zarurligini eslatdi.

Fuqarolardan esa havo transporti xizmatlari bilan bog‘liq o‘z taklif va e’tirozlarini Raqobat qo‘mitasiga yuborish so‘raladi.

Teglar

Mavzuga oid