Bozorlar va savdo-ko‘ngilochar markazlari uchun yong‘indan majburiy sug‘urta joriy qilinmoqda
Talabni bajarmaganlarga katta jarima bor.

O‘zbekistonda bozorlar, savdo komplekslari va savdo-ko‘ngilochar markazlari egalari o‘z obyektlarini yong‘indan majburiy sug‘urta qilishi shart etib belgilandi. Bu haqda 2-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan yong‘in xavfsizligi tizimini takomillashtirishga oid yangi qonunda belgilangan.
«Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida»gi va «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda mazkur yirik savdo obyektlari mulkdorlari uchinchi shaxslar (xaridorlar, tashrif buyuruvchilar va ijarachilar) hayoti yoki sog‘lig‘iga yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar uchun o‘z fuqarolik javobgarligini, shuningdek, bino va inshootlarning o‘zini majburiy sug‘urta qilishi kerak. Bundan tashqari, boshqa turdagi obyektlar ham o‘z mulkdorlarining ixtiyoriga ko‘ra sug‘urta qilinishi mumkin.
Mazkur majburiy talabni bajarmaganlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 211-1-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, yong‘indan majburiy sug‘urta qilish majburiyatini bajarmagan mansabdor shaxslarga:
• bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solinadi;
• xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 75 baravaridan 100 baravarigacha oshiriladi.
Majburiy sug‘urta qilishning aniq shartlari va tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch oy ichida ishlab chiqiladi. Qonundagi mazkur talablar va jarimalar hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
