add

Dunyoda davlat qarzi eng yuqori mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilindi

Bugun 11:1517372 daqiqa

2025 yilda jahon miqyosida davlat qarzi yana o‘sib, qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati o‘rtacha 94,7 foizga yetdi. Xalqaro valuta jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, dunyo iqtisodiyotida qarz yuki eng yuqori mamlakat — Yaponiya.

Dunyoda davlat qarzi eng yuqori mamlakatlar ro‘yxati e’lon qilindi

2025 yilda dunyo mamlakatlarining jami davlat qarzi 111 trln dollarga yetdi va bu global iqtisodiyot uchun jiddiy xavf omili sifatida baholanmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, qarzning YAIMga nisbati bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Yaponiyada qayd etilgan.

Yaponiyada davlat qarzi YAIMning 230 foiziga teng bo‘lib, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Mamlakatda uzoq yillar davomida davom etgan iqtisodiy rag‘batlantirish siyosati va aholining qarishi budjet xarajatlarining keskin o‘sishiga olib kelgan.

Ikkinchi o‘rinda Sudan joylashgan bo‘lib, ushbu mamlakatda davlat qarzi YAIMga nisbatan 222 foizni tashkil etmoqda. Iqtisodiy beqarorlik, ichki mojarolar va infratuzilmaning yetarlicha rivojlanmagani qarz yukining ortishiga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.

Uchinchi o‘rinda Singapur qayd etilgan. Davlat qarzi YAIMning 176 foiziga teng bo‘lsa-da, yuqori moliyaviy intizom va zaxiralar mavjudligi tufayli bu holat mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf sifatida baholanmaydi.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, 23 ta mamlakatda davlat qarzi YAIMning 100 foizidan oshib ketgan. Ular orasida Gretsiya, Italiya, AQSH va Fransiya bor. Xitoyda esa bu ko‘rsatkich 96 foizga yetgan.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda qarz umuman mavjud emas. Xitoyning maxsus ma’muriy hududi Makao davlat qarzi nol darajada ekani bilan ajralib turadi. Eng past ko‘rsatkich Lixtenshteynda qayd etilgan — YAIMning 1 foizi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil oktabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi qariyb 43 mlrd 969 mln dollarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,12 baravar, ya’ni 4 mlrd 884 mln dollarga ko‘proq.

Yil boshidan buyon davlat qarzi 3 mlrd 75 mln dollarga oshdi, bu esa 9,3 foizlik o‘sishni anglatadi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbati 32,3 foiz darajasiga yetgan.

Teglar

Mavzuga oid