
Ekologiya qo‘mitasi flayer yoqqan «Andijon» FK fan klubini ogohlantirdi
«Andijon» futbol klubi tomonidan bosh murabbiyni tanishtirish tadbiri chog‘ida cport bazasi hududida tutunli pirotexnika vositalari (smoke flare) yoqilgani aniqlandi.

Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ma’lum qilishicha, «Andijon» fan klub mas’ullariga bundan buyon stadionlarda hamda ommaviy tadbirlar vaqtida tutunli pirotexnika vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanishi tushuntirilgan.
Bundan tashqari, 9-dekabr kuni o‘tkazilgan ekoreyd davomida jami 3222 ta obyektning atmosfera havosini muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga qay darajada rioya qilayotgani o‘rganilgan va 24 ta huquqbuzarlik ma’lum bo‘lgan.
25-noyabrdan 9-dekabrgacha bo‘lgan o‘rganishlar davrda 895 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, barchasi bo‘yicha ma’muriy ish hujjatlari rasmiylashtirildi. Qonun talablarini buzganligi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgani uchun jami 75 ta obyekt faoliyati 10 ish kuniga to‘xtatildi. Shulardan 66 tasi Toshkent viloyatida, 9 tasi esa poytaxt xududida joylashgan.
Reydlar davomida ayrim obyektlarda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ham ko‘rildi. Jumladan, 37 ta issiqxonada filtr o‘rnatildi, 6 ta issiqxona gaz tarmog‘iga ulandi. Yana 7 ta obyekt gazga ulanish uchun tegishli texnik shartlarni olish maqsadida ariza topshirdi.
Tadbirlar davomida jamoat xavfsizligiga oid holatlar ham kuzatildi. «Andijon» fan klubiga stadion va ommaviy tadbirlarda tutunli pirotexnika vositalaridan foydalangani uchun rasmiy tarzda ogohlantirish berildi. Mas’ullarga bunday vositalardan foydalanish mutlaqo taqiqlangani tushuntirildi.
Eslatib o‘tamiz, Biznes ombudsman ofisida ekoreydlar vaqtida tadbirkorlar mulkiga zarar yetkazilgani haqida murojaatlar ko‘paygani sabab, idora vakolatli organlarni qonunchilikka rioya etgan holda harakat qilishga chaqirgan.





