Energetik inqiroz: Vashington Rossiya neftidan foydalanishga majbur bo‘ldi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi taranglik Vashingtonni bozor barqarorligini ta’minlash maqsadida Rossiya neftiga qo‘yilgan cheklovlarni qisman yumshatishga undamoqda.

Dunyo energetika tizimi keskin burilish pallasiga kelib qoldi. Oval kabinetda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xaritalari muhokama qilinayotgan bir paytda, bozorlar kutish holatida qotgan: Tramp ma’muriyati Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga boradimi yoki noyabrdagi saylovlar oldidan iqtisodiy barqarorlikni deb o‘z geosiyosiy maqsadlaridan voz kechadimi?
AQSH razvedkasining xabarlariga ko‘ra, Eron dunyoning eng muhim suv yo‘lini minalashni boshlagach, Fors ko‘rfazidagi vaziyat shunchaki mahalliy ziddiyat darajasidan chiqib ketdi.
Bugun Oq uy zamonaviy tarixda misli ko‘rilmagan og‘ir tanlov qarshisida turibdi: harbiy flotni «mina qopqoni» xavfiga ro‘baro qilish yoki global iqtisodiyotning zanjir reaksiyasi singari qulashiga yo‘l qo‘yib berish.


«Yopilib qolgan quduqlar» effekti
Bugungi kundagi muammo faqatgina neft taqchilligida emas, balki uni sotish imkoni bo‘lmagan hududlarda zaxiralarning ko‘payib ketganidadir. Kuvayt, Iroq va BAAdagi omborlar deyarli to‘lib bo‘lgan.
«Bloomberg» agentligining ma’lum qilishicha, tankerlar ko‘rfazdan chiqib keta olmayotgani sababli, bu davlatlar qazib olish hajmini kuniga qariyb 6,7 million barrelga kamaytirishga majbur bo‘lgan.
Neft sanoati uchun bu vaziyat yaqinlashib kelayotgan halokatli inqiroz belgisidir. Quduqlarni vaqtincha yopib qo‘yish — ularning mahsuldorligiga katta zarba beradigan va aksariyat hollarda ortga qaytarib bo‘lmaydigan jarayon. Agar yaqin ikki-uch hafta ichida bo‘g‘oz orqali eksport tiklanmasa, dunyo bozori uzoq muddatli tuzilmaviy taqchillikka yuz tutadi. Bu kamomadni hatto harbiy harakatlar yakunlanganidan keyin ham qoplashning iloji bo‘lmaydi.
«Bu mintaqaning neft va gaz sanoati duch kelgan eng katta inqirozdir», — deya ta’kidladi «Saudi Aramco» kompaniyasi rahbari Amin Nosir.


Tankerlarni harbiy kemalar himoyasida olib o‘tish rejasi
Pentagonning e’tirozlariga qaramay, Tramp ma’muriyati 1980-yillardagi tajribani qayta tiklash — tankerlarni harbiy kemalar hamrohligida olib o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Rejaga ko‘ra, AQSH harbiy kemalari Eron tomonidan «kirish taqiqlangan hudud» (A2/AD) deb e’lon qilingan bo‘g‘ozning eng tor qismi orqali yuklarni kuzatib borishi ko‘zda tutilgan.
Xavf darajasi nihoyatda yuqori. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yirik harbiy kemalarning erkin harakatlanishi uchun o‘ta torlik qiladi. Bu esa Amerika kemalarini dronlar to‘dasi, qirg‘oqdagi raketa majmualari va suv osti minalari qarshisida himoyasiz nishonga aylantirib qo‘yadi. Harbiy ekspertlarning ogohlantirishicha, bu hududdagi kichik bir «uchqun» ham keng ko‘lamli mintaqaviy urushga aylanib ketishi va Fors ko‘rfazini noma’lum muddatga butunlay «yopib qo‘yishi» mumkin.
Oq uy boshberk ko‘chadan chiqish yo‘llarini izlar ekan, bundan bir oy oldin aqlga sig‘maydigandek tuyulgan qadamlarni tashlamoqda.
Rossiya neftiga qo‘yilgan cheklovlarning yumshatilishi haqidagi xabar ochiq osmonda momaqaldiroq gumburlagandek aks-sado berdi: AQSH G‘aznachilik kotibi Skott Bessent Hindiston tomonidan Rossiya neftini sotib olish uchun 30 kunlik istisnolarga allaqachon ruxsat berdi.
Aslida, Vashington bozordagi «iqtisodiy yong‘in»ni o‘zi shu paytgacha yo‘lini to‘sib kelgan neft barrellari yordamida o‘chirishga urinmoqda. Bu haddan tashqari surbetlik bilan yo‘g‘rilgan pragmatizmdir: Trampga har qanday holatda ham arzon neft kerak — buning uchun hatto Moskvaning bo‘ynidagi «sanksiyalar sirtmog‘i»ni vaqtincha bo‘shatishga to‘g‘ri kelsa ham.
Bundan tashqari, Oq uy Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) orqali kemalarni qayta sug‘urtalash bo‘yicha 20 milliard dollarlik davlat dasturini e’lon qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad — harbiy xavflarni davlat zimmasiga olish orqali xususiy yuk tashuvchilarni nizoli hududga qaytarishdir. Biroq «J.P. Morgan» tahlilchilari bu choralarning yetarli ekaniga shubha bilan qaramoqda: ko‘rfazda qamalda qolgan tankerlar va yuklarning umumiy qiymati 350 milliard dollardan oshadi.


Neft narxi va saylov: Tramp uchun hal qiluvchi palla
Tramp uchun bu nafaqat global xavfsizlik, balki siyosiy maydonda jon saqlab qolish masalasi hamdir. AQSHda benzin narxi bir hafta ichida 47 sentga oshib ketdi. Agar «Brent» markali neftning bir barreli 120 dollardan yuqori ko‘rsatkichda mustahkamlanib qolsa, inflyatsion shok uning saylovoldi kampaniyasi tayangan iqtisodiy yutuqlarni yo‘qqa chiqaradi.
Tramp ma’muriyati o‘zining «maksimal bosim» siyosati tuzog‘iga tushib qoldi. Eronni mag‘lub etish uchun uning infratuzilmasiga zarba berish kerak, ammo bunday har bir zarba Ogayo va Floridada benzin narxining oshishiga olib keladi.
Dunyo bu nozik muvozanatni diqqat bilan kuzatmoqda. Iqtisodiy tanazzulning oldini olishga urinayotgan Vashington voqelik bilan hisoblashishga majbur: u ayrim raqiblariga nisbatan sanksiyalarni yumshatayotgan bir paytda, boshqalari bilan to‘qnashuvga o‘z flotini shaylamoqda. Biroq Eron minalari va energiya resurslarining narxi kabi «noma’lumlari» ko‘p bo‘lgan bu murakkab tenglamada xato qilish xavfi nihoyatda yuqori.
Agar tankerlarni harbiy kemalar himoyasida olib o‘tish rejasi barbod bo‘lsa yoki biror yirik kema boy berilsa, vaziyat «ortga qaytish yo‘q bo‘lgan nuqta»ga yetadi. Shundan so‘ng jahon iqtisodiyoti shunday tartibsizlik girdobiga g‘arq bo‘ladiki, uni na «X»dagi shov-shuvli bayonotlar va na parda ortidagi diplomatik o‘yinlar bilan izga solishning iloji bo‘lmay qoladi.





