O‘zbekistonlik haydovchilarning Rossiyada bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirildi

Bugun 08:302 daqiqa

Rossiyaga vizasiz kelgan va xalqaro avtomobil tashuvlarida professional haydovchi sifatida ishlayotgan fuqarolar u yerda bir kyilda jami 180 kungacha qolishi mumkin.

O‘zbekistonlik haydovchilarning Rossiyada  bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirildi

Rossiya Federatsiyasi hukumati MDH davlatlari va Gruziyadan kelgan professional haydovchilar uchun mamlakat hududida vaqtincha bo‘lish muddatini 180 kungacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha «Hukumat komissiyasi» Telegram kanalida xabar berildi.

Yangi hukumat hujjatiga ko‘ra, xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshiruvchi professional haydovchilar bir kalendar yili davomida jami 180 sutkagacha Rossiya hududida bo‘lishlari mumkin. Avval ushbu muddat 90 kunni tashkil etar edi. Mazkur qaror 2026 yil 30-iyundan boshlab rasman kuchga kiradi.

Ushbu masala 2026 yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev raisligidagi "Hukumat komissiyasi" tomonidan o‘tkazilgan «Ochiq muloqotlar» doirasida bir necha bor ko‘tarilgan edi. Transport-logistika kompaniyalari va eksportchilar tomonidan bildirilgan takliflar ikki mamlakat hukumatlari darajasida, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ishtirokida ishlab chiqilgan.

Qarorning kuchga kirishi o‘zbekistonlik eksportchilar uchun ma’muriy cheklovlarni kamaytirish hamda logistika zanjirlari barqarorligini oshirish imkonini beradi. Xususan, meva-sabzavot, oziq-ovqat va qurilish materiallarini tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar duch kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etish va muntazam tashuvlarni soddalashtirish ko‘zda tutilgan.

Yangi tartibdan foydalanish uchun chet el fuqarolari Rossiyaga kirish va uning hududida bo‘lish yoki yashash maqsadida belgilangan tartibda ariza topshirishlari zarurligi shart sifatida belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid