Prokuror «Real Sanjik»ga 5 yil qamoq jazosi berishni so‘radi
«Real Sanjik» ishida sud tergovi yakunlandi. 1-may kungi sud majlisida prokuror muzokara nutqiga chiqib, suddan Sanjar Karimovga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘radi.
© vaqt.uzBugun, 1-may kuni Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ijtimoiy tarmoqlar orqali «Real Sanjik» taxallusi bilan tanilgan, «Finans invest» KSB ta’sischisi Sanjar Karimovga oid jinoyat ishida sud tergovi tugadi. Bu haqda sud zalidan VAQT.UZ muxbiri xabar berdi.
Davlat ayblovchisi muzokara nutqiga chiqib, suddan Sanjar Karimovga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘radi. U, shuningdek, suddan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirishni belgilashni so‘radi.
Prokuror sudlanuvchi Sanjar Karimov jabrlanuvchiga uyni qaytarganini ham hisobga olinishini bildirdi.
«Real Sanjik» nimada ayblangan?
U Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish), 168-modda 4-qismi a-bandi (Firibgarlik), 273-modda 2-qismida (Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilofravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda. Mazkur jinoyat ishi sudya Bahrom Berdiyev raisligida ko‘rib chiqilyapti. Jinoyat ishida 2 nafar jabrlanuvchi bor.
36 yoshli mashhur avtobloger Sanjar Karimov o‘tgan yili ko‘plab muhokamalar va jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan aldangan toshkentlik qiz voqeasiga aloqador. Ushbu ishda u guvoh sifatida qatnashgan. 2025-yil oktabr oyida qiz «Instagram»dagi sahifasida o‘zi va oilasi firibgarlik qurboni bo‘lganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizga uylanishi rejalashtirilgan kuyov qizning qariyb 70 yoshga kirgan ota-onasini ular yashab turgan uyni 12 kunga vaqtincha «garovga qo‘yishga» ko‘ndirgan. Aslida esa yigit uyni oldi-sotdi sifatida rasmiylashtirib, bloger Sanjar Karimovga o‘tgan.
Qizning ta’kidlashicha, bitim vaqtinchalik garov sifatida taqdim etilgan va oila pul olmagan. Karimovning o‘zi esa uyni barcha oila a’zolarining ixtiyoriy roziligi bilan rasman 240 ming dollarga sotib olganini aytgan.
Yigitga nisbatan firibgarlikning bir nechta epizodlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuborilgan va u 21-noyabr kuni u 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Jabrlanuvchi oilaning advokatlari jinoyat ishi bo‘yicha ko‘rsatmalarda ishtirok etayotgan blogerning harakatlariga huquqiy baho berishni talab qildi. Sudya iltimosnomani qanoatlantirib, prokurorni xabardor qilishga qaror qilgan.
Sudning 2025-yil 28-noyabrdagi ajrimi bilan Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, blogerga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.
Keyingi sud majlisi
Sanjar Karimov 24-aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ochiq sud jarayonida uyidan topilgan giyohvand moddalarni otasi shifokor tavsiyasi bilan iste’mol qilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi demensiya kasaliga chalingan.
«O‘sha kuni topilgan narkotik moddani men birovdan sotib olmaganman. Otamning paltosidan chiqqandi. Tergovga otamning 2 yillik kasallik varaqasini ham taqdim etganman... Janob sudya bu moddalar marhum otamga tegishli edi. Otam keksaligi tufayli, og‘riqlarini qoldirish maqsadida chekib turardi. Otam vafotidan keyin siqilganda ikki marta chekib ko‘rganman, tan olaman, lekin sotish yoki tarqatish niyatim bo‘lmagan, bu otamdan qolgan meros. Men katta tadbirkorman, bunday ishlar bilan shug‘ullanishga or qilaman», - dedi Sanjar Karimov.
Tintuv noqonuniy edimi?
Sud majlisida advokatlar tintuv jarayonida yo‘l qo‘yilgan qator qonunbuzarliklar haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Sanjar Karimovning ofisidagi faqat bitta xonani tintuv qilishga ruxsat olingan bo‘lsa-da, amalda to‘rtta xona tekshirilgan. Giyohvand moddalarning bir qismi aynan tintuv uchun ruxsat olinmagan xonalardan topilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, tintuvda tezkor tadbir bayonnomasida nomi qayd etilmagan xodimlar ham ishtirok etgani ma’lum bo‘ldi. Sudda so‘roq qilingan ichki ishlar organlari xodimlari buni rahbariyatning og‘zaki topshirig‘i bilan izohladi. Himoya tomoni esa bir vaqtning o‘zida besh nafardan ortiq xodim tintuv o‘tkazgani va bu jarayonda atigi ikki nafar xolis ishtirok etgani jinoyat-protsessual qonunchiligining qo‘pol ravishda buzilishi ekanini bildirdi.
Uy mashmashasi
O‘sha sud majlisida Olimboyevalar oilasiga tegishli uy bilan bog‘liq firibgarlik ayblovi ham ko‘rib chiqildi. Sanjar Karimovning ta’kidlashicha, uyning puli oldi-sotdi shartnomasi vaqtida to‘liq berilgan, biroq keyinchalik ushbu mablag‘lar egalarining xohishiga ko‘ra ularning kuyoviga topshirilgan. Karimov hozirgi kunda ushbu uyni egalariga qaytarib berish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan, advokatlar sudyadan hozirda Karimovning akasi nomida bo‘lgan uyga qo‘yilgan taqiqni yechishni iltimos qildi. Himoyachilarning fikricha, agar taqiq yechilib, uy Olimboyevalar nomiga qaytarilsa, Karimovga nisbatan qo‘yilgan firibgarlik ayblovi (Jinoyat kodeksining 168-moddasi) bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Olimboyevlarga tegishli uy-joy nizoli bo‘lgani tufayli mazkur turar-joyga nisbatan sud tomonidan Fuqarolik protsessual kodeksining 248-moddasi (Da’voni ta’minlash choralari) 3-qismi bo‘yicha taqiq qo‘yilgan edi. Raislik qiluvchi sudya Bahrom Berdiyev tomonlarning so‘zini tinglab, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olish maqsadida, keyingi sud majlisiga notariusni chaqirgan holda, ushbu uyni sobiq egalariga qayta rasmiylashtirish jarayoni amalga oshirilishi mumkinligini bildirdi.
Majlis davomida Sanjar Karimovning advokatlari Geydar Aliyevni sud hujjatlarini ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilayotganlikda ayblab, uni sud zalidan chiqarib yuborish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. Sudya ushbu iltimosnomani qanoatlantirdi va Geydar Aliyev zaldan chiqarib yuborildi.





