Eron atrofidagi mojaro global oziq-ovqat narxlarini oshirishi mumkin

07.03.2026 | 14:302 daqiqa

Non narxi 6–10 hafta ichida, tuxum narxi bir necha oy ichida, parranda go‘shti narxi esa taxminan yarim yil ichida oshishi mumkin.

Eron atrofidagi mojaro global oziq-ovqat narxlarini oshirishi mumkin

Eron atrofidagi geosiyosiy keskinlik jahon oziq-ovqat bozorida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Yaqin Sharqda o‘g‘itlar ishlab chiqarish va eksport zanjirida yuzaga kelgan uzilishlar qishloq xo‘jaligi hosildorligining pasayishi va global oziq-ovqat narxlarining oshishi xavfini kuchaytirmoqda.

Hosildorlik 50 foizgacha kamayadi

Mutaxassislar fikricha, asosiy xavf nuqtalaridan biri — Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hisoblanadi. Ushbu strategik yo‘lak orqali dunyo bo‘yicha eksport qilinadigan karbamidning qariyb 35 foizi va oltingugurt yetkazib berishining 45 foizi o‘tadi. Bu moddalar mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega. Agar logistikadagi uzilishlar davom etsa, yaqin mavsumda ayrim qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi deyarli 50 foizgacha kamayishi mumkin.

Mahsulotlarning narxiga qancha muddatda ta’sir qiladi

Bu holat iste’molchilarga ham tezda ta’sir qilishi mumkin. Tahlilchilarga ko‘ra, non narxi 6–10 hafta ichida, tuxum narxi bir necha oy davomida, parranda go‘shti esa taxminan yarim yil ichida qimmatlashishi ehtimoli bor.

O‘g‘itlar bozoridagi narx

O‘g‘itlar bozorida bu tendensiya allaqachon sezilmoqda. Yaqin Sharqda karbamid narxi 130 dollarga oshib, tonnasi 575–650 dollarga yetgan. Yevropada esa ammiak narxi tonnasi 725 dollargacha ko‘tarilgan.

Ishlab chiqarishdagi to‘xtashlar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Dron hujumidan keyin «QatarEnergy» kompaniyasi Ras-Laffan sanoat majmuasida karbamid, ammiak va oltingugurt ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatdi. Eronda esa ammiak ishlab chiqarish butunlay to‘xtagan. Shu bilan birga, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan gaz narxi bir necha kun ichida ikki barobarga oshdi.

«Yara International» kompaniyasi rahbari Sveyn Ture Xolseterning ta’kidlashicha, uzilishlar fermerlar bahorgi o‘g‘itlash ishlarini boshlayotgan muhim pallada yuz bermoqda. Uning fikricha, bu holat ayniqsa iqtisodiy jihatdan zaif davlatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi va global oziq-ovqat inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.

Vaziyatni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi siyosiy keskinlik ham kuchaytirmoqda. Eron bo‘g‘ozni yopishi mumkinligini bildirib, u orqali o‘tishga urinishgan kemalarga o‘t ochish bilan tahdid qildi. AQSH esa tankerlarni harbiy-dengiz kuchlari kuzatuvida o‘tkazish ehtimolini istisno qilmagan.

Teglar

Mavzuga oid