
Gvardiola Husanovni eng muvaffaqiyatli transfer deb atadi
O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning barqaror o‘yini va Liga kubogidagi faolligi uni «Manchester Siti»ning asosiy futbolchilari qatoriga olib chiqdi.

Manchester Siti bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoa himoyachisi Abduqodir Husanovning o‘yiniga yuqori baho berib, uni klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli transferlardan biri sifatida e’tirof etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Gvardiolaning ta’kidlashicha, Husanov Angliyaga kelishidan oldin Fransiyada yuqori saviyada o‘ynagan va yangi jamoaga moslashish jarayoni oson kechmaganiga qaramay, qisqa vaqt ichida o‘zini ko‘rsata olgan. Murabbiy uning jamoadagi o‘rni alohida ekanini, ayniqsa, yuqori himoya chizig‘ida ishonchli harakat qilayotganini ta’kidladi.
Ispaniyalik mutaxassis Husanovning to‘p bilan o‘ynash mahorati izchil rivojlanib borayotganini, u hali yosh bo‘lsa-da, mashg‘ulotlarga jiddiy yondashishi va har doim to‘liq tayyor bo‘lishini qayd etdi. Gvardiolaga ko‘ra, futbolchi tezkorlik va ishonchlilik jihatidan ham sezilarli o‘sish ko‘rsatmoqda.
Murabbiy klub rahbariyati Husanovni sotib olish orqali to‘g‘ri qaror qabul qilganini ham ta’kidladi. Uning fikricha, agar hozir futbolchi transfer bozoriga chiqarilsa, o‘nlab top-klublar uni qo‘lga kiritishga harakat qilgan bo‘lar edi. Chunki Husanov himoyachi uchun noyob fazilatlarga ega va yangi muhitga tez moslasha oladi.
Eslatib o‘tamiz, 13-yanvar kuni Angliya Liga kubogi yarim finali doirasida «Manchester Siti» Nyukaslni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda Husanov ishonchli o‘yini bilan ajralib turdi va Sofascore talqiniga ko‘ra 8,1 ball bilan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.





