Havoga uchgan 250 mlrd dollar? — Sun’iy intellekt nega kutilgan natijani bermayapti

Dunyo korporatsiyalari sun’iy intellektga mlrdlab dollar tikmoqda, ammo mehnat unumdorligi o‘smayapti. Iqtisodchilar buni 80-yillardagi «Solou paradoksi»ga qiyoslamoqda. Xo‘sh, muammo nimada?

Havoga uchgan 250 mlrd dollar? — Sun’iy intellekt nega kutilgan natijani bermayapti © about.fb.com

Sun’iy intellektning (SI) ommaviy joriy etilishi hozircha mehnat unumdorligining kutilgan o‘sishiga olib kelmayapti. Iqtisodchilar bu holatni 80-yillardagi Robert Solou paradoksi bilan solishtirmoqda. O‘sha paytda komputerlarning paydo bo‘lishi ham uzoq vaqt davomida na foydaning o‘sishiga, na unumdorlikning yaxshilanishiga ta’sir qilmagan, ammo komputerlashtirish uchun ulkan sarmoyalar kiritilgan edi, deb yozmoqda «Fortune» nashri.

Nobel mukofoti laureati, amerikalik iqtisodchi Robert Solou hisoblash texnikasining jadal rivojlanishiga qaramay, mehnat samaradorligining tezkor o‘sishi kuzatilmaganligini ta’kidlagan edi. Aksincha, o‘sish sur’atlari 1948–1973 yillardagi 2,9 foizdan 1973 yildan keyin 1,1 foizga tushib ketgan. Komputerlar ishni tezlashtirish o‘rniga ko‘pincha axborotning haddan tashqari ko‘payishiga olib keldi, hisobotlar murakkablashdi, ma’lumotlarni qayta ishlash qiyinlashdi. Komputerlarning real iqtisodiy samarasi faqat o‘nlab yillar o‘tibgina namoyon bo‘ldi.

Tarix yana takrorlanmoqda

Hozirgi kunda sun’iy intellekt atrofida ham xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. To‘g‘ri, u haqda ko‘p gapirilmoqda. Masalan, S&P 500 indeksidagi 374 ta korporatsiya o‘z hisobotlarida SIni tilga olgan. Ammo makro darajada buning iqtisodiy samarasi deyarli ko‘rinmayapti.

AQSH Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi (NBER) tomonidan fevral oyida e’lon qilingan tadqiqotda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Avstraliyadan 6 ming nafar top-menejer ishtirok etdi. Ularning uchdan ikki qismi SIdan foydalanishini aytgan bo‘lsa-da, bunga haftasiga o‘rtacha bor-yo‘g‘i 1,5 soat ajratishi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning chorak qismi SIdan umuman foydalanmaydi. So‘rovda qatnashgan kompaniyalarning deyarli 90 foizi so‘nggi uch yil ichida SI na bandlikka, na mehnat unumdorligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini bildirdi.

Korporativ investitsiyalar hajmi 2024 yilda 250 mlrd dollardan oshdi, biroq amalda bu sarmoyalarning ta’siri makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda umuman aks etmadi. Ayrim tadqiqotlar SI xodimlarning unumdorligini 40 foizgacha oshirishini bashorat qilgan bo‘lsa-da, real ma’lumotlar ancha kamtar bo‘lib chiqdi.

Sent-Luis Federal zaxira bankining hisoboti ChatGPT joriy etilgandan beri SI mehnat unumdorligini atigi 1,3 foizga oshirgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Boshqa nufuzli tadqiqotlar bu ko‘rsatkichni yanada pastroq — o‘n yil ichida bor-yo‘g‘i 0,5 foiz deya baholamoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu raqamlar industriya va texnojurnalistlar bergan balandparvoz va’dalar oldida juda hafsalani pir qiladigan darajada pastdir.

Nega SI samara bermayapti?

Buning asosiy sabablaridan biri — odamlarning texnologiyaga bo‘lgan ishonchining pasayishi va axborot yukining ortib ketishidir. Masalan, global tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, SIdan muntazam foydalanish 13 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, unga bo‘lgan ishonch 18 foizga tushib ketgan.

Bundan tashqari, ekspertlar «Miyaning SIdan charchashi» effektini aniqlashdi. Unga ko‘ra, uchtagacha SI vositasidan foydalanish unumdorlikni oshiradi, lekin to‘rtta va undan ortiq vositadan foydalanganda respondentlar «miyadagi tuman»dan va kichik xatolarga tez-tez yo‘l qo‘yayotganliklaridan shikoyat qilishgan.

Shuningdek, SI samarasining bir qismi iqtisodiyot uchun «ko‘rinmas» bo‘lib qolayotgan bo‘lishi ham mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, SI kundalik vazifalarni (sayohatni rejalashtirish, xaridlar qilish) bajarish samaradorligini keskin oshiradi, ammo odamlar tejalgan vaqtni qo‘shimcha mehnatga emas, balki o‘z dam olish va hordiq chiqarishlariga sarflamoqda.

Teglar

Mavzuga oid