Zomindagi osma ko‘prik va mehmonxona 27 mln dollarga sotildi
Xaridor — auksiondan 4 kun oldin tashkil etilgan kompaniya bo‘ldi. Uning egasi bog‘cha, transport savdosi va logistika kabi sohalarda ham kompaniyalarga ega.
© fotos.uzJizzax viloyati, Zomin tumanida joylashgan turistik obyektlar auksionda 324,6 mlrd so‘mga sotildi. Bu haqda «E-auksion» portalida ma’lum qilindi.
6-aprel kuni bo‘lib o‘tgan auksionda «Ref Bridge Invest» MCHJ yagona taklif bilan g‘olib deb topildi. Qizig‘i, bu kompaniya auksion o‘tkazilishidan 4 kun oldin, 2-aprel sanasida tashkil qilingan. 16-aprel kuni esa qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav kapitali — 100 mln so‘m.
Uning rahbari Nigora Tashpulatova bo‘lib, boshqa bir qancha kompaniyalar egasi yoki aksiyadori hisoblanadi. Tashpulatovaning bog‘cha, avtomobil savdosi, logistika kabi kompaniyalarda ulushi mavjud.
Zomindagi turistik obyektlar qatoriga mashhur osma ko‘prik, «Ramada Encore by Wyndham» mehmonxonasi, band jamping, restoran, kafe, bolalar o‘yingohi, savdo do‘koni kabi joylar kiradi.

Auksionga chiqarilgan obyektlarning umumiy maydoni 3,5 gektarni tashkil qiladi. Binolar maydoni esa qariyb 10 000 kvadrat metr.
Lot kimoshdi savdosiga davlat banki — «Turonbank»ka tegishli bo‘lgan «Turon Plaza Hotel» MCHJ tomonidan qo‘yilgan. Osma ko‘prik va mehmonxona bungacha bir necha bor alohida tarzda auksionga chiqarilgandi.
Auksion narxi AQSH dollarida qariyb 27 mln dollarni tashkil qiladi. Bu platformadagi so‘nggi paytlar uchun eng yirik kimoshdi savdosi hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekistonda davlat banklari turizm biznesidan chiqayotgani haqida xabar berilgandi.





