add

Hukumat XDFU grifli hujjatlar bilan ishlash qoidalarini yangiladi

Kecha 12:386983 daqiqa

Vazirlar Mahkamasi «xizmat doirasida foydalanish uchun» grifli hujjatlar bilan ishlash tartibini yangilab, elektron aylanish, saqlash va yo‘q qilish qoidalarini belgiladi.

Hukumat XDFU grifli hujjatlar bilan ishlash qoidalarini yangiladi

Vazirlar Mahkamasining «Xizmat dorasida foydalanish uchun grifli hujjatlar bilan ishlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 2025 yil 4-dekabrdagi 766-sonli qarori qabul qilingan. Hujjat matni lex.uz da keltirilgan.

Qaror muqaddimasida «Xizmat dorasida foydalanish uchun» (XDFU) grifli hujjatlar bilan ishlash tartibini belgilash, mazkur turdagi hujjatlar bilan elektron ish yuritish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida qabul qilingani aytilgan.

Qaror bilan «Xizmat dorasida foydalanish uchun» grifli hujjatlar bilan ishlash qoidalari tasdiqlangan. Shuningdek, xizmat doirasida foydalanish cheklangan ma’lumotlarning namunaviy ro‘yxati keltirilgan.

Birinchi ilovada XDFU grifli hujjatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanish tizimlariga qo‘yilgan talablar, an’anaviy shaklda ishlashda qo‘yiladigan talablar keltirilgan. Jumladan, yo‘q qilish uchun tanlab olingan, XDFU grifi bulgan hujjatlar, yig‘majildlar makulatura sifatida qayta ishlashga topshirilishidan oldin matnni o‘qish va axborotni qayta tiklash imkoniyatini istisno etadigan darajada majburiy tartibda maydalanishi kerakligi belgilangan.

XDFU grifli hujjatlardan foydalanish, XDFU grifini bekor kilish, davlat arxiviga topshirish tartibiga ko‘ra, bunday hujjatlardan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ruxsati bilan foydalanish mumkinligi belgilangan.

XDFU grifli xujjatlardan olingan ma’lumotlardan ochiq chiqishlarda foydalanish yoki matbuotda ochiq e’lon qilish, radio va televideniye orqali uzatish, ochiq ko‘rgazmalarda, stendlarda, vitrinalarda yoki boshqa hammaga ko‘rinadigan joylarda namoyish etish uchun foydalanish taqiqlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

XDFU grifini bekor qilish masalasi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tashkil etiladigan komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi va natijasi dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi belgilangan.

Shuningdek, hukumat qarorining ikkinchi ilovasida Xizmat doirasida foydalanish cheklangan ma’lumotlarning quyidagi namunaviy ro‘yxati keltirilgan:

1. Jismoniy shaxsning shaxsga doir ma’lumotlari.

2. Jismoniy shaxsning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi axborotlar, shuningdek, uning shaxsiy xayoti sirini ochuvchi axborotlar, (qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno).

3. Axborot manbai yoki taxallus bilan imzo chekkan muallif to‘g‘risidagi axborotlar (qonunchilik xujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno).

4. Yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot olish cheklangan telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, telegraf xabarlari va boshka axborotlar.

5. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot olish cheklangan tergov va sud yurituvi siri hisoblangan ma’lumotlar.

6. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot egasi axborot olishni cheklagan xizmatga doir malumotlar.

7. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot olish cheklangan tijorat siri hisoblangan ma’lumotlar.

8. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot olish cheklangan bank siri, shaxsni sug‘urtalash siri.

9. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborot olish cheklangan (shifokor, notarial harakatlar, advokatlik, soliq siri va boshqalar) kasb faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar.

10. Ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasining mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ular haqidagi ma’lumotlar rasmiy tarzda e’lon qilingunga kadar.

Qayd etib o‘tish kerak, XDFU grifi ostidagi, shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishi qonunga ko‘ra javobgarlik keltirib chiqaradi.

Avvalroq «Axborot va raqamli texnologiyalar sohalarida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori imzolangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid