
Kannavaro: O‘zbekiston terma jamoasi aqlli futbolchilarga ega
Eronga qarshi o‘yindan keyin Fabio Kannavaro jamoa ruhi, o‘yinchilarning mentaliteti va kelasi yig‘inlarda amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida batafsil fikr bildirdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eronga qarshi o‘tkazilgan bahsdan so‘ng jamoaning o‘yini, futbolchilarning holati va kelgusi rejalar haqida fikr almashdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, raqibga imkoniyat qoldirmagani muhim ko‘rsatkich bo‘lgan.
Kannavaro Eronni Osiyodagi eng kuchli termalardan biri sifatida e’tirof etib, bunday raqibga qarshi har bir epizodda konsentratsiya talab etilishini qayd etdi. Unga ko‘ra, birinchi bo‘limda nazorat o‘zbek futbolchilari qo‘lida bo‘lib, bir nechta vaziyat gol bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan. Ikkinchi bo‘limda esa murabbiy gol urmasa o‘yin qiyinlashib borishini, lekin o‘yinchilar vaziyatdan yaxshi chiqib ketganini ta’kidladi.
«Albatta, qizil kartochkadan keyin o‘yin og‘irlashdi, lekin men o‘yinchilarimning mentalitetidan mamnunman. Bir kishi kam bo‘lsak ham raqibga imkoniyat qoldirmadik. Aytib o‘tganimdek, Eron Osiyodagi eng kuchli terma jamoalardan biri, ularda yaxshi shtab ishlaydi. Futbolchilarimiz qizil kartochkadan keyin bir jamoa bo‘lib o‘ynashdi. Bunday raqibga qarshi bitta kam o‘ynash oson emas», — dedi Kannavaro.
U o‘yin uslubi haqida gapirar ekan, himoyadan to‘g‘ri chiqish, pressing va balansni saqlash bo‘yicha ish olib borilayotganini aytdi. Kannavaro o‘zini omadli murabbiy deb atab, bunga sabab sifatida futbolchilarning aqlli va mashg‘ulotlarga nisbatan ijobiy munosabatini keltirdi. Jamoadagi ichki muhit ham uni qoniqtirayotganini qo‘shimcha qildi.
Murabbiy jamoaga nutritsolog jalb etilishi haqida ham to‘xtalib, uning vazifasi taom sifati va sportchining kundalik ovqatlanishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bunday mayda detallar katta natijalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Penaltilar seriyasi bo‘yicha alohida mashg‘ulot o‘tkazilgani, to‘pni kim yaxshi tepishi tahlil qilingani ham qayd etildi.
Kannavaro jamoadagi ayrim o‘yinchilar haqida ham fikr bildirdi. Xususan, Oston O‘runovning potensiali yuqori ekanini, ammo barqarorlikka erishishi zarurligini aytdi.
«Jaloliddin Masharipov bilan gaplashdim. U yugurishni boshladi. Bu turnirga kelishga deyarli tayyor edi. Umid qilamanki, mart oyidagi yig‘inimizda qatnashadi. U klubi bilan yanvardan mashg‘ulotlarni boshlaydi. Mart oyida barcha o‘yinchilarim yetib keladi deb umid qilaman. Yig‘in boshidan buyon 9 nafar, keyin 3 nafar futbolchi yo‘q bo‘ldi — bu terma jamoalarda normal holat», — dedi terma jamoa murabbiyi.
FIFA kunlaridan tashqari yig‘in haqida gapirar ekan, Kannavaro yanvar oyida mahalliy futbolchilar ishtirokida yig‘in o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
«Tarkibimizning katta qismi legionerlardan iborat, lekin boshqa nomlarni ham sinab ko‘ramiz. Yoshlarga imkoniyat beramiz. Bizga barcha futbolchilar kerak», — dedi Kannavaro.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U17 termasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov jahon chempionatidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoa bilan 3 yillik faoliyatini rasman yakunlaganini e’lon qilgan edi.





