add

Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 bilan xayrlashdi

Bugun 09:558582

O‘zbekiston U17 termasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov jahon chempionatidagi mag‘lubiyatdan keyin jamoa bilan 3 yillik faoliyatini rasman yakunlaganini e’lon qildi.

Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 bilan xayrlashdi

O‘zbekiston U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov Qatardagi Jahon chempionati 1/8 finalida Italiyaga 2:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri muxlislarga murojaat qilib, jamoa bilan yo‘li rasman tugaganini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Facebook'dagi sahifasida yozib qoldirdi.

«Bugun biz Jahon chempionatidagi ishtirokimizni yakunladik. Shu bilan birga, 3 yil davomida yuragim bilan xizmat qilgan U17 terma jamoamizning ham faoliyati nihoyasiga yetdi. Bu yo‘l men uchun shunchaki ish emas edi — bu sharaf, mas’uliyat va Alloh bergan sinov bo‘ldi. Uch yil davomida biz bu jamoa bilan mashaqqatli mashg‘ulotlar, quvonchli g‘alabalar, og‘ir mag‘lubiyatlar bilan yonma-yon bordik. Yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham birga edik», deb yozdi murabbiy.

Ismoilov shu yil aprel oyida U17 termasi bilan qo‘lga kiritilgan Osiyo chempionligini alohida tilga oldi. Uning fikricha, ushbu g‘alaba avlod jasorati va mehnati samarasi bo‘lib, O‘zbekiston futboli tarixida muhim iz qoldirgan.

«Osiyo chempionligi — bu avlodning matonati va mehnati. 2025 yilda Osiyo chempioni bo‘lish — bu bolalarimizning jasorati, mehnati va intilishi. Bu natija O‘zbekiston futboli tarixiga oltin harflar bilan yozilib bo‘ldi. Hech qachon unutmayman: har bir mashg‘ulotda, har bir turnirda biz O‘zbekiston bayrog‘ining sha’nini himoya qildik. Har bir o‘yin oldidan bitta fikr bo‘lardi: Bu Vatan uchun jon fido», - deb yozdi u.

Murabbiy o‘z faoliyati davomida bir prinsipga sodiq qolganini bildirdi: adolat va halollik. U terma jamoaga tanlov faqat mehnat, xarakter va munosiblik asosida amalga oshirilganini, hech qanday klub yoki tanish-bilishchilik ta’sir o‘tkazmaganini qayd etdi.

«Hech kimning ismini, klubini yoki tanish-bilishchiligini emas, faqat mehnatini, xarakterini, munosibligini tanladim. Terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi bunga haqli edi. Shu qarorlarim uchun bugun ham, ertaga ham boshim baland», deb yozdi murabbiy. Islombek Ismoilov so‘zining yakunida o‘zini qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga, O‘FA rahbariyatiga, yordamchilariga, futbolchilarga minnatdorlik bildirdi. «Bu yakun — bir eshikning yopilishi emas. Bu yangi bosqichning boshlanishi. Bugun mening yo‘lim bu jamoa bilan tugadi», deb yozdi murabbiy.

Teglar

Mavzuga oid

Islombek Ismoilov O‘zbekiston U17 bilan xayrlashdi | Vaqt.uz