add

Lindsi Grehem: «Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga izn berdi»

Kecha 11:152 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya bilan biznes qilayotgan davlatlarga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi ikki partiyali qonun loyihasini Kongressda ilgari surishga rozilik berdi.

Lindsi Grehem: «Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga izn berdi»

AQSH Senati a’zosi Lindsi Grehemning ma’lum qilishicha, prezident Donald Tramp Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan mamlakatlarga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga «yashil chiroq» yoqqan. Senator bu haqda «X» ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berdi.

Grehemning ta’kidlashicha, mazkur qaror prezident bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin qabul qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni kelgusi haftadayoq bo‘lib o‘tishi mumkin.

Ushbu hujjat bir necha oy davomida respublikachilar va demokratlar tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab qolayotgan davlatlarga, ayniqsa uning energetika resurslarini sotib olayotgan mamlakatlarga qarshi sanksiyalar joriy etishni nazarda tutadi. Sabab sifatida Moskva tomonidan Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortilgani ko‘rsatilgan.

Lindsi Grehemning aytishicha, hujjat qabul qilinsa, u prezidentga arzon Rossiya neftini xarid qilib, Kremlning harbiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga bosim o‘tkazish imkonini beradi. U ehtimoliy nishon sifatida Xitoy, Hindiston va Braziliyani tilga olgan.

Senator, shuningdek, qonun loyihasi Senat va Vakillar palatasida kuchli ikki partiyali qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishiga umid bildirgan. Uning fikricha, siyosiy kelishuvga erishish uchun sharoit hozir yetarlicha pishib yetilgan.

Avvalroq Kongress rahbariyati mazkur hujjatni ovozga qo‘yishdan tiyilib kelgan edi. Chunki Tramp ma’muriyati Rossiya neftining yirik xaridorlaridan biri bo‘lgan davlatlarga nisbatan tariflar orqali bosim o‘tkazishni afzal ko‘rgan.

Avvalroq AQSH ma’muriyati Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi muvaffaqiyatsiz o‘tsa, Rossiya energetika sektoriga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid