
AQSH Rossiya energetikasiga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlamoqda — Bloomberg
AQSH ma’muriyati Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi muvaffaqiyatsiz o‘tsa, Rossiya energetika sektoriga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

AQSH Rossiyaga bosimni kuchaytirish maqsadida energetika sektoriga qarshi yangi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Bloomberg manbalariga ko‘ra, bu choralar Ukrainada tinchlik kelishuviga erishilmagan taqdirda ishga tushirilishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, Vashingtonda asosiy e’tibor Rossiya neftini tashishda qo‘llanilayotgan «xufiyona flot» deb ataluvchi kemalar, shuningdek, ushbu yetkazib berishlarga ko‘maklashayotgan treyderlarga qaratiladi. Yangi cheklovlar joriy haftaning o‘zida e’lon qilinishi ehtimoli istisno etilmayapti.
Sanksiyalar masalasi AQSH moliya vaziri Skott Bessent tomonidan Yevropa davlatlari elchilari bilan uchrashuvda muhokama qilingan. Unda Bessent Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishni ustuvor maqsad sifatida saqlab qolayotganini ta’kidlagan.
Bloomberg manbalarining bildirishicha, sanksiyalar joriy etish bo‘yicha yakuniy qarorni shaxsan AQSH prezidenti Donald Tramp qabul qiladi. Shu bilan birga, Kreml bu xabar yuzasidan rasmiy ma’lumot olmaganini ma’lum qildi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, Vashingtonda shunday rejalar mavjud ekani yaxshi ma’lum, biroq har qanday sanksiyalar ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilashga zarar yetkazadi.
Avvalroq Reuters agentligi AQSH ma’muriyati Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga erishilmasa, Rossiya iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga nisbatan qo‘shimcha sanksiya choralari ishlab chiqqanini xabar qilgan edi. Shuningdek, Axios nashri AQSH Rossiyaga ukrain mojarosini hal etish bo‘yicha «eng kuchli takliflar paketi»ni taqdim etishga tayyorlanayotganini xabar qilgan edi.





