Logo

Lukashenko ikki o‘t orasida: Rossiya front ochishni talab qilmoqda, Ukraina esa ultimatum qo‘ydi

Moskva Minskni urushga chuqurroq jalb qilish uchun moliyaviy shantaj ishlatayotgan bir paytda, Kiyev Belarus chegarasidagi Rossiya harbiy uskunalarini olib tashlashni talab qilib, qat’iy ultimatum qo‘ydi.

Lukashenko ikki o‘t orasida: Rossiya front ochishni talab qilmoqda, Ukraina esa ultimatum qo‘ydi

Rossiya va Ukraina tomonidan Belarusga bosim kuchaymoqda. Moskva Minskni urushga yanada chuqurroq jalb qilish uchun moliyaviy shantaj ishlatayotgan bir paytda, Kiyev Belarus hududidagi Rossiya hujumlarini muvofiqlashtiruvchi uskunalarni olib tashlashni talab qilmoqda.

Rossiyaning Belarusga bosimi va maqsadlari

Joriy yilda Rossiya Belarusdan Ukrainaga qarshi dron zarbalarini ko‘paytirish, Ukraina qo‘shinlarining bir qismini Donbassdan chalg‘itish hamda Belarusga qo‘shni NATO davlatlariga qarshi operatsiyalar o‘tkazishda foydalanish maqsadida bosimni kuchaytirdi. «The Wall Street Journal» manbalariga ko‘ra, Moskva Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralarni asosan Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grizlov orqali olib bormoqda.

Bunda Minsk qaram bo‘lgan moliyaviy yordamdan bosim dastagi sifatida foydalanilmoqda.
Nashr suhbatdoshlarining qayd etishicha, hozircha Belarusning urushga to‘liq qo‘shilishi belgilari yo‘q. Biroq Rossiyaning Donbassdagi siljishi sekinlashgani va Ukrainaning Rossiya front ortiga zarbalari kuchayib, yonilg‘i inqirozini keltirib chiqargani sababli bu ehtimol saqlanib qolmoqda.

Belarus infratuzilmasidan keng ko‘lamli urush boshidan beri foydalanib kelinmoqda. Shu bilan birga, Lukashenko so‘nggi oyda Belarusni mojaroga tortishlariga yo‘l qo‘ymasligini ikki bor ta’kidladi va o‘z mamlakati Ukraina harbiylari uchun «kaftdek namoyon ekanini», asosiy obyektlar zarba ostida qolishi mumkinligini tan oldi.

Zelenskiyning ultimatumi va Minsk reaksiyasi

19-iyun kuni Ukraina Prezidenti Voladimir Zelenskiy Lukashenkoga bosimni kuchaytirib, urushga qo‘shilmaslik haqidagi va’dalarini amalda isbotlashga chaqirdi. Zelenskiy Belarusning Ukraina bilan chegaradosh ikki viloyatida Rossiyaning zarbalarni muvofiqlashtiruvchi retranslyatorlari va texnikasi borligini aytib, ularni bir hafta ichida olib tashlashni talab qildi.

«Agar Lukashenko bu uskunalarni o‘zi olib tashlamasa, bu ishni biz qilamiz», — dedi Zelenskiy.

O‘z navbatida, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Yaroslav Chornogor ushbu bayonotga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap albatta uskunalarni jismoniy yo‘q qilish (ya’ni, urib tushirish yoki portlatish) haqida borayotgani yo‘q. Xuddi fevral oyida bo‘lib o‘tgan shunga o‘xshash holatdagidek, bu retranslyatorlarni masofadan turib bloklash yoki ishlamaydigan holatga keltirish imkoni ham mavjud.

Ekspertlar Zelenskiyning ultimatumini turlicha baholamoqda: ayrimlar buni shunchaki «sinov» desa, boshqalar Ukraina haqiqatan ham zarba berishga tayyorligini va bu Rossiya uchun manfaatli bo‘lgan urush sababiga (casus belli) aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Tahlilchi Aleksandr Fridmanning fikricha, Minskning deeskalatsiyaga qaratilgan qadamlari Kiyev tomonidan zaiflik sifatida qabul qilingan va shu sababli bosim o‘tkazishga qaror qilingan.

Lukashenko Zelenskiyning talabiga hozircha rasmiy izoh bermadi. Biroq yaqin orada Vladimir Putin bilan uchrashuv (unda Zelenskiyning ultimatumi ham muhokama qilinishi aytilgan) va xorijga «uzoq muddatli xizmat safari» rejalashtirilganini e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid