Markaziy Osiyo mamlakatlarida paxta terimi narxlari va yangi mavsum kutilmalari
Hademay O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi boshlanadi. Vaqt.uz O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu resursning ahamiyati, qishloq xo‘jaligida paxtaga bo‘lgan munosabatning yillar davomida o‘zgarib borishi va yangi mavsumda qo‘l kuchida terilgan paxta uchun qanchadan to‘lanishi mumkinligini o‘rgandi.

Paxta O‘zbekistonda tarixan «oq oltin» deb atalgan, chunki u mamlakat qishloq xo‘jaligi va eksportida muhim o‘rin egallagan. Biroq so‘nggi yillarda xom paxta va paxta tolasining eksportdagi ulushi sezilarli darajada kamaydi. Ya’ni hozir paxta eksporti umumiy eksportning avvalgidek katta qismini tashkil qilmayapti. Paxta tolasining jami eksportdagi ulushi 2010-yildagi 12,1 foizdan 2023-yilda 0,2 foizgacha qisqargan.
O‘zbekiston dunyoda oltinchi yirik paxta ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, global paxta ishlab chiqarishning 3 foizini tashkil qiladi.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yildan O‘zbekiston xom paxtaning 100 foizini ipga aylantira oldi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega kiyim-kechak ishlab chiqarishga o‘tdi. 2024-yilda O‘zbekistonning HS 52 — «Cotton» bo‘yicha eksporti salkam 1,4 mlrd dollar bo‘lgan. Shu yili dunyo bo‘yicha ushbu toifadagi eksport taxminan 30,8 mlrd dollar edi, ya’ni O‘zbekistonning ulushi taxminan 4,5 foiz.
Dunyoda oltinchi yirik paxta ishlab chiqaruvchisi sifatida uning tolali ozuqa yetkazib berish zanjirlari Markaziy Osiyodan tikuvchilik fabrikalari va butun dunyo bo‘ylab iste’molchilarga yetkazib beriladi. O‘nlab yillar davomida paxta yig‘im-terimi davlat tomonidan tashkil etilgan va unga qishloq aholisi, bolalar, ta’lim muassasalari va davlat muassasalari xodimlari majburan safarbar qilib kelingan. Bu safarbarlik esa o‘z navbatida dunyoda o‘zbek paxtasi va tolasiga nisbatan turli import sanksiyalari qo‘llanilishiga, xalqaro brendlarni o‘zbek paxtasini boykot qilishga undadi. Xalqaro bosim ostida Cotton Campaign O‘zbekistonni tizimni isloh qilishga chaqirdi. XMT ushbu islohotlarni monitoring qilishda markaziy rol o‘ynadi. Tashkilot o‘zining so‘nggi baholashida majburiy mehnat darajasi juda past ekanini aniqladi, bu avvalgi amaliyotdan sezilarli darajada o‘zgarishni anglatadi. Ushbu o‘zgarishlardan so‘ng, 2022-yil mart oyida Cotton Campaign o‘zbek paxtasini global boykot qilishga chek qo‘ydi va o‘zgarish kuzatilganini e’tirof etdi va shu bilan birga sohada inson va mehnat huquqlari bilan bog‘liq xavflar saqlanib qolishini ta’kidladi. Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi kasaba uyushmasi bu o‘zgarishlar muhimligi, ammo ular O‘zbekistonda asosiy mehnat huquqlari yoki demokratik erkinliklarga to‘liq hurmat ko‘rsatishni anglatmasligini urg‘ulaydi.
O‘zbekistonda paxtaga nisbatan munosabat o‘zgarib borishini faqat majburiy mehnatning kamayishi bilan baholab bo‘lmaydi. Haqiqiy o‘zgarish ishchilarning o‘z huquqlarini himoya qilish, birlashish va ish beruvchi bilan o‘z manfaatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini ham anglatadi. Bu ishchilarning huquqlarini kuchaytirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va paxta yetishtirishni adolatli hamda barqaror qilish uchun juda muhim. O‘zbekistondan paxta yoki paxta asosidagi mahsulotlarni sotib oluvchi global xaridorlar va brendlar uchun bu muvofiqlik katakchalaridan tashqariga chiqishni anglatadi. 21-asrda mas’uliyatli xarid amaliyoti nafaqat dalalarda majburiy mehnatning yo‘qligini, balki siyosiy va fuqarolik erkinliklarini ham o‘z ichiga olgan kuchli inson huquqlari bo‘yicha tegishli tekshiruvni talab qiladi.
Paxta terimi uchun qanchadan to‘lanadi?
2025-yilda mashina yordamida terilgan paxtaning 1 kilosi uchun – 1373 so‘m, qo‘l mehnati bilan terilgan paxtaning 1 kilosi uchun – 2000 so‘m tavsiyaviy narx belgilangandi. Terim vaqtida klaster, fermer xo‘jaligi rahbarlari va terimchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida terim narxini mustaqil belgilash amaliyoti ham qo‘llangandi. Shuningdek, paxta yetishtirish xarajatlarini qoplash maqsadida davlat budjeti hisobidan 1 kilogramm paxta uchun 1000 so‘m subsidiya ajratilishi aytilgandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ushbu tartib paxta yetishtiruvchilar manfaatini himoya qilish, terimchilar mehnatini rag‘batlantirish va agrar sohada barqarorlikni ta’minlashga qaratilganini aytgandi. 2024-yil kuzida qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun haq 2500 so‘m edi.
Qo‘l terimiga talab kamayib, mashina terimi tobora kengayyapti
Vaqt.uz qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov bilan mavzu haqida suhbatlashdi. Uning fikricha, so‘nggi yillarda terim mashinalarining ko‘payishi paxta terimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Bundan bir necha yil avval terim mashinalari yetishmasligi muammo sifatida ko‘tarilgan bo‘lsa, keyingi yillarda ularning soni keskin oshib, ayrim hududlarda hatto ortiqcha bo‘lib qolgan.
«Bir necha yil oldin terim mashinasi yetishmayapti, degan muammoni ko‘targan edik. Keyin ketma-ket mashinalar olib kirildi. Ayrim joylarda ular ko‘payib ham ketdi. Mashina sotib olgan fermerlarning o‘zi ham endi poligon, ya’ni yetarli hajm bo‘lmagani uchun bu texnikani qanday ishlatish va xarajatini qoplash haqida o‘ylayapti», — deydi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, bu yil paxta yetishtirish texnologiyasi ham mashina terimiga moslashtirilmoqda. Jumladan, qo‘sh qatorli ekish, g‘o‘zaning bo‘yini haddan tashqari o‘stirmaslik va hosilning imkon qadar bir marotaba mashina kirganda yig‘ib olinadigan holatga kelishini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Ekspert qo‘l mehnatiga talabning pasayishida ishchi kuchi narxining oshishi ham muhim omil ekanini qayd etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun kunlik boshqa ishlarda 250–300 ming so‘m atrofida daromad topish mumkinligi sababli odamlar belini bukib, paxta terishni afzal deb bilmaydi.
«Masalan, kilogrammiga 2000 so‘mdan to‘langanda ham, bir kunda 100 kilo paxta tergan odam 200 ming so‘m oladi. Ko‘pchilik esa 100 kilo tera olmaydi. Deylik, 70 kilogramm terganda 140–150 ming so‘m atrofida pul bo‘ladi. Ko‘chada boshqa ishda esa odam 250–300 ming so‘m ishlab olishi mumkin. Bunda paxta terimining mashaqqati ham bor», — deydi u.
Ekspertning fikricha, fermer uchun ham mashina terimining asosiy afzalligi faqat narxning nisbatan arzonligida emas. Mashina qisqa vaqt ichida katta maydondagi hosilni yig‘ib oladi, terimchilarni uzoq muddat dalada saqlash, ularni ovqatlantirish va boshqa tashkiliy xarajatlar kamayadi.
«Mashina terimi kilogramm hisobida arzonroq bo‘lishi mumkin. Lekin fermer bir oy davomida qo‘l terimiga qiladigan barcha xarajatlarini — terimchilarni topish, ularni dalaga olib kelish, ovqatlantirish va boshqa sarf-xarajatlarni qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsa, mashina terimi baribir qulayroq va arzonroq chiqadi», — deydi ekspert.
U, shuningdek, ob-havo omili ham mashina terimiga o‘tishni tezlashtirayotganini ta’kidlaydi. Xususan, kuzgi yomg‘irlar hosilning sifati va narxiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli paxtani imkon qadar qisqa muddatda yig‘ib olish fermer uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli.
Ekspertning fikricha, kelgusida terim mashinalari sonining ortishi va ishchi kuchi qiymatining oshishi fonida qo‘l terimining ulushi yanada qisqarishi mumkin.
Tahririyat xorazmlik fermer Nodir Avezov bilan bu yilgi paxta terimi borasida gaplashdi. U ko‘plab fermerlar, shu o‘rinda o‘zi ham paxta teruvchi mashinalardan foydalanishni ma’qul ko‘rishini bildirdi. Ammo terim mashinalarining dalalarga kirib chiqishi qiyinchilik tug‘dirishi, texnikalar harakatlanish chog‘ida katta miqdordagi paxtani uvol qilib, yanchib tashlashi mumkinligini aytdi. U buning oldini olish uchun qo‘l mehnati zarurligi, negaki ular paxta mashinasi erkin aylanishi, haydovchi belgilangan joydan ortga qayrilishda paxta hosilini yanchib tashlamasligi uchun biroz joyni qo‘lda terib berishi lozimligini urg‘uladi.
«Shunaqa qilmasak, paxtani uvol qilib qo‘yish hech gap emas. O‘ylaymanki, hech kim buni xohlamaydi», — deydi fermer.
Ammo qo‘lda teriladigan paxta uchun qancha to‘lanishi borasida hanuz yakuniy to‘xtamga kelinmaganini ma’lum qildi.
Bu safar qanchadan to‘lanadi?
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov yaqinda paxtachilik sohasida ko‘zlangan marralar ulkan ekanini aytib, bu yilgi mavsum yakunida 4,5 million tonna paxta yetishtirish ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgandi.
Vaqt.uz vazirlik matbuot kotibi Dilshodbek Nazirov bilan bog‘lanib joriy mavsumdagi kutilmalar haqida ma’lumot oldi. Uning aytishicha, dalalarda ekilgan paxta qachon to‘liq yetilsa, terim shu zahoti boshlanadi. Buni fermerlarning o‘zi mustaqil belgilaydi, ya’ni terish uchun ommaviy ruxsat berish degan tushuncha yo‘q. Bu galgi terim mavsumida ham qo‘l mehnati bo‘ladi, negaki undan birdaniga voz kechish imkonsiz. U suv kechib o‘tiladigan va nisbatan kichik maydonga ekilgan hosilni yig‘ib olishda qo‘l mehnati zarurligini aytib, texnik-iqtisodiy tomonlama bu ancha hamyonbop ekanini urg‘uladi. Ammo vazirlik eski tizimdan butunlay voz kechib, hosilni to‘liq texnika yordamida yig‘ib olish uchun ishlar olib bormoqda.
Vazirlik matbuot xizmati rahbarining qo‘shimcha qilishicha, terim uchun narxning qancha bo‘lishini bozor belgilaydi.
Qo‘shni davlatlarda paxta terimi uchun qancha to‘lanadi?
Qirg‘iziston
2023–2025-yillarda qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilosi uchun terimchilarga o‘rtacha 17 qirg‘iz somi (2200 so‘m) to‘langan. Ushbu davrda paxtaning umumiy xarid narxi 72–73 som atrofida bo‘lgan. Mamlakatda kombaynda terish kengaygani sababli (mashina terimi kilosi uchun 4 somni tashkil etadi), 2026-yilda qo‘lda terish narxi o‘zgarishsiz qolib, kelishuv asosida 15–20 som (2000–2600 so‘m) atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Qirg‘izistonda ommaviy yig‘im-terim odatda sentabr oyining o‘rtalarida boshlanadi. Selina Wamucii ma’lumotlariga ko‘ra, eksport bozorlarida ham narxlar barqaror saqlanib qolmoqda.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda paxta asosan mashinalarda teriladi va erkin bozor tizimi amal qiladi. Westminster xalqaro universiteti tadqiqotida keltirilishicha, fermerlarning yarmidan ko‘pi kombaynlardan foydalanadi. Oxirgi yillarda fermerlar qo‘lda terim uchun kiloga o‘rtacha 20–30 tenge (500–700 so‘m) to‘lagan. Paxtaning umumiy xarid narxi esa jahon birjasiga qarab tonnasiga 130 mingdan 250 ming tengegacha (kilosiga 130–250 tenge) bo‘lgan. «The Times of Central Asia»ning yozishicha, tannarx yuqoriligi sababli paxtachilik maydonlari biroz qisqarmoqda, biroq 2026-yilda xarid narxlari kilosiga 200–250 tenge (5200–6500 so‘m) atrofida shakllanishi kutilmoqda. Qozog‘istonda paxta terimi sentabr oyining ikkinchi yarmi va oktabr boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu paxta hosilining tayyor bo‘lishiga bog‘liq.
Turkmaniston
Turkmanistonda paxtachilik to‘liq davlat nazoratida bo‘lib, narxlar prezident qarorlari bilan o‘rnatiladi. Terimchilar rag‘batini oshirish maqsadida 2024-yilgi mavsumdan boshlab qo‘lda terilgan paxtaning kilosi qat’iy 1 turkman manati (3 364 so‘m) qilib belgilangan (avval 60 tanga edi). Xalqaro mehnat tashkiloti monitoringi ham 2024–2025-yillarda terimchilarning 70 foizdan ortig‘i aynan 1 manatdan haq olganini tasdiqlaydi. 2026-yilda ham terimchilarga beriladigan haq o‘rtacha 1 manat atrofida saqlanib qolishi kutilmoqda. Turkmanistonda rasmiy ravishda ommaviy terim har yili 11-sentabrdan boshlab start oladi.
Tojikiston
Tojikiston mintaqada paxta teruvchilarga haq to‘lash eng past bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. Oxirgi yillarda terimchilarga kilosiga bor-yo‘g‘i 1 dan 1,5 tojik somoniysigacha (1200–1900 so‘m) haq to‘langan. Haqning kamligi sababli budjet tashkiloti xodimlari terimga jalb qilinishi holatlari uchramoqda. Garchi Tojikiston 2025 yilda paxta yetishtirish rejasini oshirib bajargan bo‘lsa-da, ichki qayta ishlash sustligi tufayli fermerlar terim pulini keskin oshira olmayapti. 2026-yilda ham haq to‘lash o‘rtacha 1,5–2 somoniy atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish va uni yuqori navda topshirish fermer uchun nihoyatda muhim. Zero, uning daromadi ko‘p jihatdan hosilning qanday va qachon terib olinganiga bog‘liq. Tajribali va ilg‘or terimchilar esa, tabiiyki, paxtasi yaxshi ochilgan dalalarni tanlashga harakat qiladi. Sababi oddiy: qancha ko‘p paxta tersa, shuncha ko‘p daromad qiladi.
Paxta terimi mavsumi qishloq ahli uchun yil davomida kutiladigan muhim daromad manbalaridan biridir. Mehnatkash va chaqqon terimchi qisqa vaqt ichida oilasi uchun sezilarli mablag‘ ishlab olishi mumkin. O‘rtacha hisobda, bir kunda 100 kilogramm paxta tergan terimchiga 200 ming so‘m atrofida haq to‘lanadi. Agar bir oiladan bir necha kishi terimga chiqsa, tabiiyki, oilaning mavsum davomida topadigan daromadi ham shunga yarasha ortadi.
Bugun paxta dalalarida mehnat qilayotganlar orasida aynan shu daromadga tayanayotgan oddiy odamlar ko‘p. Kimdir topgan puliga ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldiradi, kimdir farzandlarining ehtiyojlarini qoplaydi, yana kimdir qish-qirovga tayyorgarlik ko‘radi.



