add

Medvedev Ukrainani «dahshatli yakun» kutayotganini bashorat qildi

Rossiya rasmiysi G‘arb yordami Ukraina hukumatini zaiflashtirayotganini va vaqt o‘tishi bilan uning oqibatlari yanada og‘irlashishini aytdi.

Medvedev Ukrainani «dahshatli yakun» kutayotganini bashorat qildi

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning aytishicha, G‘arb Ukrainadagi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Unga ko‘ra, Rossiya urush boshlanganidan beri Ukraina uchun ajratilgan yordam miqdori 500 milliard yevroga yetgan. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

«Juda ko‘p, haddan tashqari ko‘p. Bu mablag‘lar evaziga yangi betaraf va farovon Ukrainani barpo etish mumkin edi. Biroq, nasib qilmadi», — deya yozdi Medvedev.

Shu bilan birga, u AQSH Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy ishtiroki davomida bundan bir necha barobar ko‘proq mablag‘ sarflaganini ta’kidladi: «Yengilmas erkin «Pindiston» 2001 yildan 2021 yilgacha Afg‘onistonda hokimiyatni toliblardan toliblarga topshirish uchun 2,3 trillion dollar sovurdi».

Medvedevning xulosa qilishicha, G‘arb dunyosi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qanchalik ko‘p mablag‘ sarflasa, uning hozirgi hukumati uchun «oqibat shunchalik dahshatli bo‘ladi» va Rossiya yanada ko‘proq hududlarni qo‘lga kiritadi.

U rossiyaliklarni yaqinlashib kelayotgan Xalq birligi kuni bilan tabriklab, «hammasi AQSHning Afg‘onistondagi holati kabi bo‘ladi», dedi.

AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil noyabr holatiga kelib, Rossiya bosqini boshlangan (2022-yil 24-fevral) kundan buyon AQSH Kongressi tomonidan Ukrainaga ajratilgan yordam miqdori 182 milliard dollardan oshgan, shundan 65,9 milliard dollari qurol yetkazib berishga sarflangan.

2025 yil iyul oyida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi urush davomida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun deyarli 165 milliard yevro ajratganini ma’lum qildi. Kils instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Buyuk Britaniya bu maqsad uchun 11,8 milliard dollar yo‘naltirgan.

Shunday qilib, G‘arb mamlakatlarining umumiy yordam hajmi 371 milliard dollardan oshgan.

Reuters xabariga ko‘ra, urushning dastlabki ikki yili Rossiyaga 211 milliard dollarga tushgan — bu mablag‘lar qurollanish, harbiy safarbarlik va hujum operatsiyalaridagi xarajatlarni o‘z ichiga oladi.

Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilgacha kutilgan iqtisodiy o‘sishdagi yo‘qotishlarni ham inobatga olganda, bu ikki yillik urush Rossiyaga 1,3 trillion dollar zarar keltirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Medvedev Ukrainani «dahshatli yakun» kutayotganini bashorat qildi | Vaqt.uz