
Mo‘ynoqda katta bosimli yangi gaz koni ochildi
Energetika vazirligi Mo‘ynoqda topilgan yangi kon gaz qazib chiqarishdagi bosim pasayishini barqarorlashtirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida yuqori bosimli yangi kon aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qilmoqda.
Yangi kon mamlakatda uglevodorod qazib chiqarish sur’ati pasayib borayotgan bir paytda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
«Yildan yilga olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, haqiqatda 85 foiz konlarimizda ulardagi qazib chiqarish tempi, bosim juda keskin tushib ketyapti», — degan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Prezident topshirig‘i asosida istiqbolli hududlarda geologiya-qidiruv ishlari kuchaytirilgani, qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilgani natijasida Mo‘ynoqda yangi kon ishlab chiqarishga tayyor holga keltirildi. Hozirgacha ikki quduq tizimga ulanib, kunlik qo‘shimcha 3 million metr kub gaz qazib chiqarish imkoni yaratilgani bildirildi.
Hududda ishlar hali davom etmoqda. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yil oxirigacha yana yetti quduqda burg‘ilashni yakunlash va quvurlarni ulash rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq ishga tushgach, mamlakatning umumiy gaz balansiga sezilarli hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Vazir Mirzamahmudov SOCAR bilan qo‘shma geologiya-qidiruv ishlari boshlanganini, «O‘zbekneftgaz» ham parallel ravishda yangi qidiruv va qazish ishlarini olib borayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, kelasi yilda mavjud konlarda kuzatilayotgan pasayish tendensiyasini to‘xtatish va yangi konidagi resurslar hisobiga barqaror qazib chiqarishga erishish rejalashtirilgan.
2024 yil may oyida aholi uchun tabiiy gaz narxi 129 foizga oshirilgan va bu qaror mamlakatda gaz ta’minoti barqarorligi masalasini yanada dolzarb qilgan edi.
Vaqt.uz avvalroq viloyatlarda metan to‘ldirish shoxobchalariga kiritilgan cheklov vaqtlarini ma’lum qilgan edi.
Teglar






