Logo

Muqobili bepul bo‘lishi shart bo‘lgan pulli yo‘llar, Hindistondan kelayotgan go‘sht va rekord o‘rnatgan elektromobillar savdosi — 6-avgust dayjesti

Kecha 22:193 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Muqobili bepul bo‘lishi shart bo‘lgan pulli yo‘llar, Hindistondan kelayotgan go‘sht va rekord o‘rnatgan elektromobillar savdosi — 6-avgust dayjesti

O‘zbekiston shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi davlatlar ro‘yxatini tasdiqladi

Vazirlar Mahkamasi shaxsiy ma’lumotlar yetarli darajada himoya qilinadigan 49 ta davlat ro‘yxatini tasdiqladi. Endi ushbu davlatlarga xalqaro axborot tizimlari orqali shaxsiy va egasizlantirilgan ma’lumotlarni qo‘shimcha ruxsatsiz hamda vakolatli organni oldindan xabardor qilmasdan uzatish mumkin.

Ro‘yxatga kirmagan davlatlarga ma’lumot uzatish esa qo‘shimcha xavfsizlik talablari bajarilgan taqdirdagina amalga oshiriladi. Shuningdek, ma’lumotlar tarqalib ketgan hollarda operatorlar 24 soat ichida vakolatli organni xabardor qilishi, 72 soat ichida esa hodisa yuzasidan hisobot taqdim etishi shart.

O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llarini tashkil qilish tartibi belgilandi

Prezident imzolagan yangi tahrirdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, pulli avtomobil yo‘llarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror prezident yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Bunda pulli yo‘l bilan birga foydalanishga yaroqli muqobil bepul yo‘l ham bo‘lishi shart.

Qonunga ko‘ra, foydalanuvchilar pulli yo‘ldan kirish, to‘lov punktida haq to‘lash yoki yo‘l talonini xarid qilish orqali foydalanishi mumkin. Shuningdek, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalari avtomobil yo‘llarida faqat maxsus ruxsatnoma bilan harakatlanishi belgilandi.

Xususiy ta’lim sohasida sertifikatlash va yagona qoidalarni joriy etish taklif qilindi

Raqobat qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari bozorida iste’molchilar huquqlarini kuchaytirish maqsadida xususiy ta’lim muassasalari uchun yangi tartiblarni joriy etishni taklif qildi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda ta’lim sohasi bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarning qariyb 96 foizi aynan xususiy ta’lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Fuqarolar asosan ta’lim sifati pastligi, ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq undirilishi, mablag‘ni qaytarishdagi muammolar va reklamadagi va’dalar bajarilmasligidan shikoyat qilgan.

Shu munosabat bilan Fransiya, Niderlandiya va Shveysariya tajribasi asosida xususiy ta’lim muassasalari uchun ixtiyoriy sertifikatlash tizimi, pulli ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishning yagona qoidalarini ishlab chiqish hamda ta’lim tashkilotlari va iste’molchilar o‘rtasidagi munosabatlarga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash taklif etildi. Bu takliflar sohada xizmat sifatini oshirish va o‘quvchilar hamda ota-onalar huquqlarini yaxshiroq himoya qilishga qaratilgan.

Iyun oyida avtomobil savdosi oshdi, elektromobillar rekord o‘sish ko‘rsatdi

Iyun oyida O‘zbekistonda jami 80,2 mingta avtotransport vositasi sotilib, may oyiga nisbatan savdo 18 foizga o‘sdi. Yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingtani tashkil etdi. Bu bir oyda 14 foizlik o‘sish bo‘lsa-da, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan 23 foizga kam. Yangi avtomobillar savdosi 24 mingtaga, ikkilamchi bozordagi bitimlar esa 37 mingtadan oshdi.

Eng yuqori o‘sish elektromobillar segmentida kuzatildi. Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda jami 8,4 mingta elektromobil sotilib, may oyiga nisbatan 63,5 foizga ko‘paydi. Yilning birinchi yarmida esa elektromobillar savdosi 40 mingtadan oshib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga o‘sdi. Savdolarning qariyb uchdan ikki qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonga eng ko‘p mol go‘shtini Hindiston yetkazib bermoqda

2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston xorijdan 72 ming tonna mol go‘shti import qildi. Importning umumiy qiymati 359,5 mln dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,1 foizga ko‘p.

Eng yirik yetkazib beruvchi Hindiston bo‘lib, undan 33,9 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Keyingi o‘rinlarni Belarus (19,6 ming tonna) va Qozog‘iston (10,6 ming tonna) egallagan. Ushbu uch davlat O‘zbekiston mol go‘shti importining qariyb 89 foizini ta’minlaga

Teglar

Mavzuga oid