
Oyligi oshadigan harbiylar, raqamli so‘m va taqiqlangan diniy manbalar ro‘yxati — 13-yanvar dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Harbiy xizmatchilarning oyliklari oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida harbiylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Jumladan, 1-apreldan Mudofaa vazirligi ofitserlarining ko‘p yillik xizmati uchun ustamasi 2 baravar, kontrakt asosidagi askar va serjantlar maoshi esa 10 foizga oshiriladi. Hududiy mudofaa boshqarmalarining harbiy bo‘lmagan xodimlari maoshi joriy yilda 20 foizga, 2027-yilda yana 50 foizga ko‘payadi. Shuningdek, 30 yildan ortiq xizmat qilganlar uchun pensiya hisoblashda oylikning inobatga olinadigan miqdori 100 foizga yetkaziladi.
Shu bilan birga, askarlarga harbiy qismning o‘zida oliygohlarga imtihon topshirish va xizmat tugashi bilan o‘qishni boshlash imkoniyati beriladi. Armiyadan qaytgan yoshlar uchun xorijiy til sertifikati xarajatlarini qoplash, foizsiz ta’lim kreditlari hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun kredit stavkasining 6 foizini davlat tomonidan subsidiyalash tizimi joriy etiladi.
O‘zbekistonda taqiqlangan diniy manbalar ro‘yxati e’lon qilindi
O‘zbekiston Oliy sudi 2025 yil 8-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat hududida taqiqlangan diniy ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan 1 389 ta internet manbasi ro‘yxatini ochiqladi. Taqiqlangan kontentlarning asosiy qismi ijtimoiy tarmoqlarga to‘g‘ri keladi: Telegram’da 713 ta kanal, Instagram’da 226 ta, Facebook’da 203 ta va YouTube’da 135 ta profil hamda materiallar aniqlangan. Shuningdek, ro‘yxatdan TikTok va «Odnoklassniki»dagi sahifalar, 13 ta sayt va 20 ta alohida kitob hamda ma’ruzalar o‘rin olgan.
Rasmiy organlar fuqarolarni internet makonida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib, bunday materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish uchun Jinoyat kodeksining 244-1-moddasiga asosan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilganini eslatib o‘tmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, diniy mazmundagi materiallarni noqonuniy tarqatish nafaqat jinoiy javobgarlikka, balki yirik miqdordagi jarimalarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda yuqoriladi
O‘zbekiston pasporti «Henley & Partners» kompaniyasining 2026 yilgi jahon pasportlari indeksida o‘z mavqeini yaxshilab, 199 ta davlat orasida 75-o‘rinni egalladi. Hozirda O‘zbekiston fuqarolari dunyoning 61 ta davlatiga vizasiz yoki borganda viza olish (visa on arrival) tartibida safar qilishlari mumkin. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatimiz Qirg‘iziston bilan bir xil pog‘onada qayd etildi va bu diplomatik aloqalarning kengayishi natijasi sifatida baholanmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasida Qozog‘iston 61-o‘rin bilan yetakchilikni saqlab qolgan bo‘lsa, Tojikiston 81-o‘rin va Turkmaniston 87-o‘rinda joy oldi. Global miqyosda Singapur pasporti (192 ta yo‘nalish) birinchi o‘rinni egallab turibdi. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hukumati 2030 yilgacha o‘z fuqarolari uchun vizasiz yo‘nalishlar sonini 50 taga, soddalashtirilgan tartibdagi yo‘nalishlarni esa 60 taga yetkazishni maqsad qilgan.
Markaziy bank raqamli so‘m ishlab chiqishni boshladi
O‘zbekiston Markaziy banki milliy raqamli valyutani (CBDC) ishlab chiqish bo‘yicha faol tadqiqotlarni boshladi. Hozirda soha mutaxassislari raqamli so‘mning ikkita asosiy modelini — aholi va biznes uchun mo‘ljallangan chakana shaklini hamda banklararo hisob-kitoblar uchun ulgurji shaklini o‘rganmoqda. Ushbu loyiha moliya tizimini raqamlashtirish va to‘lovlarni tezkor, xavfsiz hamda shaffof qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Prezident qarori bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq, 2026 yilning aprel oyiga qadar raqamli so‘mni to‘lov vositasi sifatida joriy etish bo‘yicha aniq «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishi belgilangan. Markaziy bank raqamli so‘mni naqd pulga teng qiymatdagi qo‘shimcha to‘lov shakli sifatida taqdim etishni rejalashtirmoqda va bu borada Shveysariya kabi xorijiy hamkorlar tajribasidan foydalanilmoqda.





