add

O‘zbekiston 2026 yilda 5 mlrd dollar tashqi qarz jalb qiladi

02.12.2025 | 14:252862 daqiqa

2026 yil byudjeti loyihasida taqchillik 3 foiz etib belgilandi va 5 mlrd dollarlik tashqi qarz shartnomalari imzolanishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston 2026 yilda 5 mlrd dollar tashqi qarz jalb qiladi

O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida «2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi keng muhokama qilindi. Loyihada 2026 yil umumlashtirilgan budjet taqchilligining yuqori chegarasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz etib belgilanmoqda. Bu ko‘rsatkich davlat moliyasi barqarorligini ta’minlash va budjet xarajatlarini samarali rejalashtirishga qaratilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilinadigan tashqi qarzlar bo‘yicha yangi bitimlar hajmi yillik 5 milliard dollar bilan cheklanadi. Uni ikki yo‘nalishga ajratish taklif etilmoqda: Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun 2,5 milliard dollar va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 2,5 milliard. Mazkur yondashuv infratuzilmaviy dasturlarni amalga oshirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish va valuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2026 yilda chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30 trillion so‘m etib belgilandi. Bu ichki bozorda moliyaviy instrumentlar ulushini oshirish va qarzni arzonroq manbalar hisobidan ta’minlashni ko‘zlaydi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida majburiyatlarni talab etuvchi yangi loyihalarning umumiy qiymati 6,5 milliard dollardan oshmasligi belgilandi. Bu mexanizm idoraviy havf ehtimollarni kamaytirish, loyihalarni shaffof va nazorat qilinadigan tarzda amalga oshirishni ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1-oktabr holatida O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd 969 mln dollarga yetdi. Qarzning 36,7 mlrd dollari — tashqi, 7,2 mlrd dollari esa ichki qarzdan iborat.

Teglar

Mavzuga oid