add

O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi keskin oshdi

Bugun 11:011 daqiqa

2025 yilda mamlakat aeroportlarida aviareyslar va yo‘lovchilar soni 14 foizga o‘sgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar oqimi keskin oshdi

2025 yilda O‘zbekiston aeroportlari faoliyati transport sohasidagi ijobiy dinamikani yana bir bor tasdiqladi. Yil davomida mamlakat havo gavanlarida jami 128 972 ta aviareys amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 14 foizga ko‘p bo‘ldi, deya xabar berdi «Uzbekistan Airports».

Aviareyslar va yo‘nalishlar geografiyasi

O‘tgan yilda amalga oshirilgan aviareyslarning asosiy qismi xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ri keldi. Jumladan, 92 480 ta reys xalqaro, 36 492 tasi esa ichki aviaqatnovlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya bozoridagi faolligi ortgani, shu bilan birga, mamlakat ichida ham havo transportiga ehtiyoj saqlanib qolayotganini anglatadi.

Yo‘lovchilar, yuk tashish va yangi aviakompaniyalar

2025 yil davomida O‘zbekiston aeroportlari orqali jami 15 504 264 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Bu natija 2024 yilga nisbatan 15 foizga yuqori. Yo‘lovchilarning 12,7 milliondan ortig‘i xalqaro reyslardan, qariyb 2,8 million nafari esa ichki aviaqatnovlardan foydalangan. Shu bilan birga, aeroportlarda qayta ishlangan yuk va pochta hajmi 98 137 tonnani tashkil etdi va bu ham o‘tgan yilga nisbatan 12 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi. Yil davomida O‘zbekiston bozoriga to‘rtta yangi xorijiy aviakompaniya — «Air China», «China Eastern», «T’way Air» va «Air Asia» kirib keldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil 1-fevraldan boshlab «Silk Avia» aviakompaniyasining mahalliy yo‘nalishlarida va ayrim mahalliy poyezdlarda chipta narxlari qimmatlashi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid