
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo hajmi 1 mlrd dollardan oshdi
Bu haqida Prezidentlar Mirziyoyev va Berdimuhamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarida ma’lum qilindi. Shuningdek, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida Mirziyoyev davlat tashrifini ikki asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari mustahkamligining yorqin ifodasi sifatida baholadi.
Muzokaralarda savdo, transport, energetika, suv xo‘jaligi kabi tarmoqlarda amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari tilga olindi. Prezident Mirziyoyev so‘nggi yillar davomida olingan barcha yutuqlarda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning ulkan hissasini ham alohida qayd etdi.
Undan tashqari, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga ko‘payib, 1 milliard dollardan oshgani ma’lum qilindi. Mamlakatlar mahsulot turlarini kengaytirish va erkin savdo imkoniyatlaridan foydalanish orqali bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, «Shovot-Toshhovuz» chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi ham tovar ayirboshlashni ko‘paytirishga xizmat qiladi. Ushbu tajribani boshqa manzillarda, birinchi navbatda, «Olot-Farab» hududida qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa talab yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarga biznesni faol jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Energetika sohasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yanada kengroq loyihalarga o‘tish, shu jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kelishib olindi.
Transport sohasi ikki mamlakat iqtisodiyotlarini bog‘laydigan muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Yuk tashish hajmi o‘sib bormoqda, bojxona-logistika tartiblari soddalashtirilmoqda. Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.
Erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash uchun yil oxirigacha Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari o‘tkaziladi.
Yetakchilar gumanitar soha ko‘p qirrali aloqalarning mustahkam poydevori ekanligiga urg‘u berdilar. Urganch va Toshkentda Turkmaniston madaniyati kunlari va turkman filmlari namoyishlari muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladilar.
Hamkorlik sur’atini saqlab qolish uchun tomonlar o‘zaro konsertlar va teatrlarning ijodiy safarlarini muntazam ravishda o‘tkazish, Xivada Yoshlar forumini tashkil etish va birgalikda filmlar ishlab chiqarish amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.
Sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani borasidagi almashinuvlar faollashadi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan mas’ullarga topshiriq berdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev va To‘qayev raisligidagi uchrashuvda strategik hamkorlikni kengaytirishga doir muhim kelishuvlar amalga oshirilganligi haqida xabar bergan edik.





