
O‘zbekistonda birinchi mikromoliya bankiga litsenziya berildi
Markaziy bank «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI» aksiyadorlik jamiyatiga 2025 yil 6 noyabr kuni mikromoliya banki faoliyati uchun ilk litsenziyani berdi. Bu mamlakatdagi yangi moliyaviy institut hisoblanadi.

O‘zbekistonda ilk bor mikromoliya bankiga rasmiy litsenziya berildi. Markaziy bank «TAYYAB FINANCE MIKROMOLIYA TASHKILOTI» aksiyadorlik jamiyatining faoliyatini mikromoliya bankiga transformatsiya qilishga ruxsat berib, uning negizida tashkil etilgan «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI»ga 96-sonli litsenziyani taqdim etdi. Bu haqda Bankers.uz xabar berdi.
Mazkur yangilik O‘zbekiston moliya tizimida yangi bosqichni boshlab beradi. Chunki bu mamlakatda mikromoliya banklarining faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi ilk amaliyot hisoblanadi. «TAYANCH MIKROMOLIYA BANKI» jamiyati iyul oyidayoq Markaziy bankdan dastlabki ruxsatni olgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi bankni tashkil etgan mutaxassislar ilgari yirik banklar va raqamli moliya institutlarida ish tajribasiga ega. Mikromoliya banki raqamli formatda faoliyat yuritishi va mijozlarga keng qamrovli bank xizmatlarini taqdim etishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etish 2025 yil fevralda qabul qilingan O‘RQ-1026-sonli qonun asosida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, mikromoliya banki — bu banklar va mikromoliya tashkilotlari o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib, ustav kapitali kamida 50 milliard so‘mni tashkil etishi lozim.
Qonunga muvofiq, mikromoliya banklarida jismoniy shaxslardan jalb qilingan omonatlar hajmi kafolatlangan miqdordan oshmasligi, bir qarz oluvchi bo‘yicha tavakkalchilik 5 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmasligi va kredit portfelining kamida 70 foizi tadbirkorlik hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi shart. Shuningdek, mikromoliya banklariga tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish va chet el fuqarolariga kafolat berish taqiqlangan.
Ta’kidlanishicha, mikromoliya banklarini litsenziyalash vakolati Markaziy bank ixtiyorida bo‘lib, mazkur litsenziya ilk amaliy namuna sifatida milliy moliya bozorida muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamizb avvalroq mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edik.





