add

O‘zbekistonda elektromobillar ommalashmoqda: ikkilamchi bozorda sotuvlar keskin oshgan

Bugun 12:101012

Oktyabr oyida mamlakatda barcha avtotransport vositalari savdosida faollik ortdi, elektromobillar sotuvi esa eng tez o‘sish qayd etgan.

O‘zbekistonda elektromobillar ommalashmoqda: ikkilamchi bozorda sotuvlar keskin oshgan

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining oktabr oyiga oid yangilangan tahlili O‘zbekiston avtomobil bozorida barqaror tiklanish va savdo faolligining yanada kuchayganini ko‘rsatmoqda. Hisobotda qayd etilishicha, bir oylik ko‘rsatkichlar barcha yo‘nalishlarda ijobiy dinamikani namoyon etgan.

O‘tgan oy yakunida mamlakat bo‘yicha avtotransport vositalari savdosi 112,5 ming donaga yetdi. Bu sentabrga nisbatan 11 foiz yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, bor-yo‘g‘i bir oy ichida bozordagi talab sezilarli oshganini anglatadi.

Eng katta ulushni egallagan yengil avtomobillar segmentida savdolar 12,7 foizga ko‘payib, 95,4 ming donani tashkil etgan.

Hududlar kesimida Namangan, Jizzax va Buxoro viloyatlarida eng yuqori o‘sish qayd etilgan – bu yerlarda savdo hajmi 20 foizdan ortiq oshgan. Shu bilan birga, Samarqand viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faollik biroz pasaygani ma’lum qilingan.

Birlamchi bozorda yengil avtomobil sotuvi qariyb 19 foizga o‘sgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar toifasida savdo 33,4 ming donaga yetib, bir oyda 22 foiz o‘sish qayd etigan.

Yangi xorijiy avtomobillar bozori esa 1,1 foizlik mo‘’tadil o‘sish bilan 4,5 ming dona sotuvga erishgan.

Eng sezilarli natija ikkilamchi bozorda kuzatilgan. Ushbu segmentda yengil avtomobillar savdosi 9 foizga oshib, 57,4 ming donani tashkil qilgan. Ayniqsa elektromobillarga bo‘lgan talab keskin kuchayib, ularning ikkilamchi bozordagi sotuvi 3 ming donadan oshib, oylik hisobda 15,2 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 barobar yuqori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonga 16 ta xorijiy davlatdan elektromobillar import qilinganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda elektromobillar ommalashmoqda: ikkilamchi bozorda sotuvlar keskin oshgan | Vaqt.uz