add

O‘zbekistonda endi oltinni mobil ilova orqali xarid qilish mumkin

Bugun 10:555322

Yangi nizomga ko‘ra, banklar va mikromoliya tashkilotlari mijozlarga mobil ilova orqali o‘lchovli oltin quymalarni sotish va qayta sotib olish imkoniyatini yaratishi mumkin bo‘ladi.

O‘zbekistonda endi oltinni mobil ilova orqali xarid qilish mumkin

O‘zbekiston Adliya vazirligi «Banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat banklar va mikromoliya banklariga qimmatbaho metallar bilan savdo qilishning yangi imkoniyatlarini belgilaydi.

Nizomga muvofiq, mijozlar endilikda bankning mobil ilovasi orqali o‘lchovli oltin quymalarni sotib olish va ularni qaytarib sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Tijorat banklarida qimmatbaho metallar bilan bog‘liq quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:

— mijozlar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni bankning mobil ilovasi orqali sotib olish va qaytarib sotish;

— banklar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni Markaziy bankdan sotib olish orqali sotish va qaytarib sotib olish;

— banklar tomonidan qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy bo‘lmagan) ko‘rinishda sotish va qaytarib sotib olish.

Shuningdek, banklar va mijozlar o‘rtasida qimmatbaho metallar bilan operatsiyalar mobil ilova orqali amalga oshiriladigan elektron shartnoma — oferta tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi.

Narxlar London qimmatbaho metallar uyushmasi fikisngi (London Bullion Market Association — LBMA) asosida belgilab boriladi va banklarning rasmiy internet sahifalarida doimiy yangilanib turiladi.

To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan keyin mijozning ilova hisobida sotib olingan oltin quymaning «maxfiy kodi» paydo bo‘ladi. Mijoz bu kod va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan holda bankdan o‘z oltini jisman qabul qilib olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank kredit tashkilotlariga mijozlar haqidagi ma’lumotni kredit byurolariga real vaqtda taqdim etishni majburiy qilishni taklif qilayotganligi haqida xabar bergan edik. Bu fuqarolar nomidan ruxsatsiz mikrokreditlar rasmiylashtirilishining oldini olishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda endi oltinni mobil ilova orqali xarid qilish mumkin | Vaqt.uz