Logo

O‘zbekistonda oktabr oyida eskrou orqali 33,6 mingta bitim tuzildi

Bugun 12:551 daqiqa

Oktyabrda eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk savdosi bo‘yicha bitimlar soni sentabrga nisbatan 182 taga oshdi. Biroq transport vositalari savdosida, aksincha, bitimlar soni 1 210 taga kamaydi.

O‘zbekistonda oktabr oyida eskrou orqali 33,6 mingta bitim tuzildi © Foto: istock

O‘zbekistonda oktabr oyi davomida ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha jami 33 631 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oktabr oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 16 893 ta bitim rasmiylashtirilgan. Bu sentabr oyidagi ko‘rsatkichdan 182 taga yoki 1,1 foizga ko‘p.

Transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha esa oktabrda 16 738 ta bitim qayd etilgan. Bu o‘tgan oyga nisbatan 1 210 taga kam.

Hududlar kesimida

Hududlar orasida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda oktabr davomida jami 10 674 ta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi.

Farg‘ona viloyati 3 121 ta bitim bilan keyingi o‘rinni egalladi. Samarqand viloyatida 2 933 ta, Namangan viloyatida esa 2 179 ta bitim qayd etildi.

Poytaxtning umumiy bitimlardagi ulushi 31,7 foizni tashkil qildi. Qolgan hududlar hissasiga esa bitimlarning 68,3 foizi to‘g‘ri keldi. Bu ko‘rsatkich ko‘chmas mulk va transport savdosida hududiy faollik bir xil taqsimlanmaganini ko‘rsatadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyida banklardan jami 6 509 ta bitim bo‘yicha ma’lumot olingan. Ularning 2 954 tasi transport vositalari, 3 555 tasi esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga tegishli bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz,
sentabr oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 16 711 ta bitim, transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha esa 17 948 ta bitim rasmiylashtirilgandi.

Teglar

Mavzuga oid