add

O‘zbekistonda onkolog va boshqa tor soha mutaxassislari yetishmayapti

28.11.2025 | 20:183181 daqiqa

O‘zbekistonda onkolog, psixiatr va boshqa tor soha mutaxassislarining ulushi har 10 ming aholiga 1 nafardan ham to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda onkolog va boshqa tor soha mutaxassislari yetishmayapti

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvar holatida O‘zbekistonda har 10 ming aholiga o‘rtacha 28,6 nafar shifokor to‘g‘ri keladi. Bu O‘zbekistonda tibbiy kadrlar ta’minoti keyingi yillarda bosqichma-bosqich oshib borayotgan bo‘lsa-da, ayrim yo‘nalishlarda mutaxassislar yetishmayotganini ko‘rsatmoqda.

Qayd etilishicha, terapevtik yo‘nalish bo‘yicha shifokorlar ulushi eng katta ko‘rsatkichni tashkil etdi. Har 10 ming aholiga 10,8 nafar terapevt to‘g‘ri keladi. Jarrohlik yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 3,3 nafarni tashkil etgan. Aholining reproduktiv salomatligi uchun muhim bo‘lgan akusher-ginekologlar har 10 ming ayolga nisbatan 3,2 nafar miqdorida qayd etilgan. Bolalar shifokorlari bo‘yicha ta’minot esa yosh toifalariga ko‘ra farq qiladi: 14 yoshgacha bolalarga 8,3 nafar, 17 yoshgacha bolalarga esa 7,1 nafar pediatr to‘g‘ri kelmoqda.

Tor ixtisosliklarda mutaxassislar soni ancha kam. Masalan, har 10 ming aholiga 0,5 nafar oftalmolog, 0,6 nafar otolaringolog va 0,2 nafar ftiziatr to‘g‘ri keladi. Nevropatologlar ulushi 0,9 nafar, dermato-venerologlar va onkologlar mos ravishda 0,3 nafardan. Psixiatrlar ham aholiga nisbatan 0,3 nafar miqdorida. Radiolog va rentgenologlar har 10 ming aholiga 0,4 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, stomatologlar ulushi nisbatan yuqori — 3,3 nafar. Sanitariya-epidemiologiya xizmati shifokorlari esa har 10 ming aholiga 1,4 nafar miqdorida qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid