
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari tarixiy rekordni yangiladi
Mamlakatning oltin-valuta zaxiralari 2025 yil oktabr oyida qariyb 60 milliard dollarga yetib, tarixiy rekord o‘rnatdi. Bir oy ichida bu zaxiralar 4,34 mlrd dollarga ko‘paygan.

Markaziy bankning so‘nggi hisobotida qayd etilishicha, 1-noyabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonning xalqaro aktivlari 59,33 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 7,8 foizga yoki 4,34 milliard dollarga ko‘pdir. Bu ko‘rsatkich mamlakatda oltin-valuta zaxiralari ma’lumotlari e’lon qilina boshlanganidan beri eng yuqorisi hisoblanadi.
Oltin-valuta zaxiralari ketma-ket uchinchi oydirki, mutlaq rekordni yangilamoqda. Avgust oyida birinchi marta 50 milliard dollarlik chegaradan oshgan zaxiralar sentabrda 55 milliard dollarga yaqinlashgan, oktabrda esa yangi tarixiy belgi — 59 milliard dollardan oshib ketdi.
valuta zaxiralari ham sezilarli oshdi — bir oyda 731,4 million dollarga ko‘payib, umumiy hajmi 10,91 milliard dollardan ortiqni tashkil etdi. Ulardan 8,92 milliard dollar xorijiy banklarda, 966,8 million dollar esa boshqa markaziy banklar va Xalqaro valuta jamg‘armasining hisob raqamlarida saqlanmoqda.
Shuningdek, Markaziy bank portfelidagi qimmatli qog‘ozlar hajmi ham 1,023 milliard dollarga yetdi, ular umumiy zaxiralar tarkibining 1,7 foizini tashkil qiladi.
Qiziqarlisi, sentabr oyida O‘zbekiston dunyodagi yagona oltin sotgan mamlakat bo‘ldi — regulyator 4 tonna oltin sotgan, yillik miqdor esa 21 tonnaga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi oltin quymalarni banklarning mobil ilovalari orqali sotib olish va sotish imkoni yaratilganligi haqida xabar bergan edik.





