«O‘zmetkombinat» ekologiyaga yetkazilgan zarar uchun 1,63 mlrd so‘m jarimaga tortildi
Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, metallurgiya kombinati atmosferani me’yordan ortiq darajada ifloslantirgan va ekologik talablarni qo‘pol ravishda buzgan.
© Foto: president.uzBekobod shahrida joylashgan metallurgiya zavodi atmosferani me’yordan ortiq darajada ifloslantirgani va ekologik talablarni qo‘pol ravishda buzgani sababli 1 mlrd 630 mln so‘mdan ortiq miqdorda tovon puli to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekologiya politsiyasi) xodimlari tomonidan «O‘zmetkombinat»da tekshiruv o‘tkazilgan.
Reyd natijalariga ko‘ra, elektr pechlarida po‘lat eritish va ferroqotishmalar ishlab chiqarish sexlaridan atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori ruxsat etilgan me’yorlardan bir necha yuz va ming barobargacha oshib ketgani aniqlangan.
Xususan, po‘lat quyish sexida chang va gazni tozalash tizimlarining samaradorligi o‘ta pastligi sababli, zararli zarrachalar hech qanday to‘siqsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri atmosferaga tarqalib kelgan.
Laboratoriya tahlillari natijalariga ko‘ra, po‘lat quyish sexidan olingan havo namunalarida oltingugurt oksidi miqdori belgilangan eng yuqori me’yordan 1533 baravar, uglerod oksidi 20 baravar hamda noorganik chang zarrachalari 2,4 baravar yuqoriligi tasdiqlandi.
Qoidabuzarliklar va majburiy ko‘rsatmalar
Ferroqotishmalar sexidan olingan namunalarda esa vaziyat yanada achinarli ekani ko‘ringan. Ushbu sexda noorganik zarrachalar miqdori belgilangan me’yordan 24,9 baravar, karbonat angidrid miqdori ruxsat etilgan me’yordan 23,3 baravar va azot dioksidi (NO2) miqdori 2,12 baravar ko‘p ekanligi aniqlangan.
Bundan tashqari, zavod ekologik ekspertiza xulosasida aniq belgilab berilgan talablarni umuman bajarmagan. Korxona hududida ifloslanish manbalari yaqiniga avtomatik monitoring tizimlari o‘rnatilmagan, shuningdek, atmosfera havosini laboratoriya nazoratidan o‘tkazish ishlari ham talab darajasida tashkil etilmagan.
Shu munosabat bilan, Ekologiya politsiyasi tomonidan atrof-muhitni ifloslantirgani uchun «O‘zmetkombinat»ga nisbatan jami 1 630 920 419 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovlari hisoblab chiqildi.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan korxonaga aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha qator majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Unga ko‘ra, zavod barcha chang va gaz tozalash filtrlarini almashtirishi, ularning ishlash samaradorligini kamida 95 foizga yetkazishi, avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatishi hamda laboratoriya nazoratini kuchaytirishi shart.





