add

Prezident tibbiy ta’lim va raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi

Taqdimotda so‘nggi yillarda tibbiyot sohasiga 230 trln so‘m yo‘naltirilgani qayd etildi. Buning natijasida 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushgan.

Prezident tibbiy ta’lim va raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurib, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m yo‘naltirildi. Buning hisobiga joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.

Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi. Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Sakkizta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash imkoniyatlari yanada kengaydi.

Shuningdek, prezidentga DMED yagona elektron axborot tizimi imkoniyatlari ham taqdim etildi. Bu tizim orqali 36 million nafardan ziyod fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari yagona bazada jamlandi.

Shu qatorda, «Elektron retsept» tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalari aylanmasi shaffoflashdi. Barcha tibbiy ma’lumotlar biometrik himoya ostida saqlanib, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlanmoqda.

– Zamonaviy tibbiyot muassasalarini barpo etyapmiz, sohada sun’iy intellektni joriy qilyapmiz, eng ilg‘or uskunalarni olib kelyapmiz. Bu o‘zgarishlar eng quyi bo‘g‘ingacha yetib borishi zarur. Eng muhimi, har bir tibbiyot xodimining malakasini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashga e’tibor qaratishimiz lozim. Shundagina harakatlarimiz natija beradi, – dedi prezident.

«Raqamli sog‘liqni saqlash markazi» faoliyati haqida ham axborot berildi. Unda barcha tibbiyot muassasalarining faoliyati real vaqt rejimida kuzatilib, surunkali kasalliklar va aholi salomatligi ko‘rsatkichlari tahlil qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident tibbiy ta’lim va raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi | Vaqt.uz