
Prezident tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘llab, ularning fidokorona mehnatini yuqori baholadi.

Bugun, 8-noyabr — tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev soha fidoyilarini samimiy tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari tabrik so‘zida sog‘lom inson va sog‘lom xalq mislsiz yutuqlarga erishishi mumkinligini qayd etib, Alisher Navoiyning «Davron elining jismida ham jon bo‘lg‘il, Ham jonlarig‘a moyai darmon bo‘lg‘il» degan so‘zlari shifokorlarga bag‘ishlanganini ta’kidladi.
Prezident tabrikda Yangi O‘zbekistonda tibbiyot tizimini tubdan isloh qilish va zamonaviy standartlar asosida rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, oxirgi yillarda sohaga ajratilayotgan davlat mablag‘lari 6 barobar oshgan, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati sezilarli darajada mustahkamlangan.
Mirziyoyev ta’kidlashicha, sifatli tibbiy xizmatlar aholiga yaqinlashtirilib, yuqori texnologik xizmatlar nafaqat poytaxtda, balki viloyat va tumanlarda ham ko‘rsatila boshlangan.
bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 490 ta tibbiy muassasa qayta tashkil etilgan, 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyat yuritmoqda.
Prezidentning ma’lumoticha, 2017 yildan buyon onalar o‘limi 21 promilledan 11 promillega, go‘daklar o‘limi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaygan.
Bu ko‘rsatkichlar sohadagi islohotlar samarasini yaqqol aks ettiradi. Shu bilan birga, 2025 yilda davlat tibbiyot muassasalarida robot texnologiyalari joriy etilgani va tibbiyotni raqamlashtirish yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Davlat rahbari DMED yagona elektron axborot tizimi orqali 36 milliondan ortiq fuqaroning tibbiy ma’lumotlari raqamlashtirilganini, «Raqamli sog‘liqni saqlash» markazi ish boshlaganini ma’lum qildi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar soni 43 taga yetgan.
Mirziyoyev farmatsevtika sohasi va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilganini qayd etdi. 2017 yildan buyon mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmi 1,4 trln so‘mdan 6,3 trln so‘mga, eksport esa 6,3 mln dollardan 250 mln dollarga o‘sdi.
Shu bilan birga, mamlakatda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot oliy o‘quv yurtlari soni 8 tani tashkil etmoqda.
Prezident soha xodimlariga minnatdorlik izhor etib, ularning mehnati doimo davlat va jamiyat e’tibor markazida bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, fuqarolarning o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygani shifokorlar zahmatining yorqin isboti ekanini qayd etdi.
«Siz, azizlar bundan buyon ham boy bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, O‘zbekiston tibbiyotining shonli an’analarini izchil davom ettirish, jahon tibbiyotining ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish uchun yanada katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasiz deb ishonaman», — dedi Prezident tabrik yakunida.





