Logo

Qurilish va yer ajratish ishlariga noqonuniy aralashgan amaldorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

Bugun 10:002 daqiqa

Shaharsozlik, yer ajratish va qurilish ishlariga noqonuniy aralashgan yoki bosim o‘tkazgan mansabdorlar uchun ma’muriy qamoq va 2 yilgacha qamoq jazosi joriy etilmoqda.

Qurilish va yer ajratish ishlariga noqonuniy aralashgan amaldorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

O‘zbekistonda shaharsozlik faoliyatida, xususan, yer ajratish va qurilishga ruxsat berish jarayonlariga qonunga xilof ravishda aralashgan mansabdor shaxslar uchun qat’iy ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi. Bu haqda 2-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonunda belgilangan.

Jinoyat kodeksi yangi 229-7-modda («Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartibiga qonunga xilof ravishda aralashish») bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish tartib-taomillariga o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib qonunga xilof ravishda aralashish, ya’ni vakolatli organlar va xulosa beruvchilarning faoliyatiga bosim o‘tkazish yoki to‘sqinlik qilish jinoyat deb baholanadi.

Agar ushbu qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jinoiy jazo choralaridan biri qo‘llaniladi:

— bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda jarima;
— 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
— 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham yangi 99-1-modda qo‘shilib, mazkur huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Ushbu qonuniy normalar va javobgarlik choralari hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid