Logo

Rossiya – Ukraina urushi: Yevropaning ballistik raketalarga qarshi yangi mudofaa qalqoni haqida nimalar ma’lum?

Yevropaning to‘qqiz davlati va Ukraina ballistik raketalarga qarshi mintaqaviy mudofaa tizimini ishlab chiqish maqsadida koalitsiya tuzdi.

Rossiya – Ukraina urushi: Yevropaning ballistik raketalarga qarshi yangi mudofaa qalqoni haqida nimalar ma’lum?

13-iyul kuni Yevropaning to‘qqiz davlati va Ukraina yetakchilari Parijda yig‘ilib, qit’aning ballistik raketalarga qarshi mudofaa koalitsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturni e’lon qildi.

Qabul qilingan deklaratsiyaga ko‘ra, ishtirokchilar o‘zaro hamkorlik va umumiy sanoat salohiyati asosida raketalarga qarshi yagona mudofaa arxitekturasini yaratishga kelishib oldi.

«Al Jazeera» nashrining yozishicha, bayonot matni juda ehtiyotkorlik bilan, «sof mudofaa maqsadida» degan mazmunda tuzilgan bo‘lsa-da, uning asl mohiyati barchaga ayon: Rossiyaning Ukrainaga qarshi ballistik raketalar orqali uyushtirayotgan hujumlari Yevropa mudofaa tizimi qanchalik zaif ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Bundan tashqari, AQSHda ishlab chiqarilgan tutib oluvchi tizimlarning taqchilligi va o‘ta qimmatligi qit’a hanuzgacha Vashingtonning ko‘magiga qaram bo‘lib qolayotganini tasdiqladi.

Xo‘sh, yangi koalitsiyaning asl rejalari qanday va ularni qanday amalga oshirmoqchi?

Koalitsiyaga qaysi davlatlar a’zo bo‘ldi va kimlar chetda qoldi?

Mazkur bayonot «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammiti doirasida e’lon qilindi. Buyuk Britaniya va Fransiya yetakchiligidagi 35 ta davlatni birlashtirgan ushbu yirik guruh 2025 yilning mart oyidan buyon Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish jarayonini muvofiqlashtirib kelmoqda hamda bo‘lajak tinchlik bitimi doirasidagi xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqmoqda.

Parijdagi sammitda 25 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Unda qurol-yarog‘ yetkazib berishni davom ettirish, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirish va qish mavsumi oldidan Ukraina energetika tizimini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Ballistik raketalarga qarshi qalqon yaratish tashabbusini imzolagan 10 ta ta’sischi davlat quyidagilar: Daniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya va Ukraina. Bu ro‘yxat Yevropaning eng yirik mudofaa sanoatiga ega davlatlarini, shuningdek, qit’ada ballistik raketa hujumlariga qarshi real jang tajribasiga ega yagona mamlakat — Ukrainani o‘z ichiga olgan.

Shu bilan birga, ayrim davlatlarning mazkur ro‘yxatdan joy olmagani e’tiborni tortadi. Xususan, Rossiyaga eng yaqin qo‘shnilar — Polsha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Finlandiya, shuningdek, AQSH ham kelishuvni imzolaganlar qatorida yo‘q.

Yevropaga nega raketaga qarshi qalqon kerak?

Deklaratsiyada Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga qarata ko‘plab uchirilayotgan ballistik raketalarning tobora ortib borayotgan xavfi alohida ta’kidlangan. Bunday raketalarni asosan AQSHda ishlab chiqarilgan sanoqli va o‘ta qimmat tizimlargina urib tushira oladi.

«Bizning ishonchimiz komilki, Yevropa himoyasini ta’minlash uchun bo‘lajak raketa tahdidlarini qaytarish va bartaraf etishga qodir, jamoaviy sa’y-harakatlar, texnologik ochiqlik hamda ishonchli sanoat hamkorligi asosida yaratilgan yaxlit raketaga qarshi mudofaa tizimining global yechimi zarur», — deyiladi Ballistik raketalarga qarshi mudofaa koalitsiyasi yetakchilarining qo‘shma bayonotida.

«Ballistik tahdidlar qarshisida biz aniq tanlovni amalga oshirmoqdamiz: Ukrainani himoya qilish, jamoaviy xavfsizligimizni mustahkamlash va o‘z mudofaasiga ega Yevropani barpo etish», — deb yozdi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur dastur orqali «Yevropa uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlar yanada kuchaytiriladi».

Ukraina prezidenti Вolоdiмир Zelenskiy mudofaadagi ushbu kamchiliklar haqida yanada ochiqroq gapirdi. U ba’zida Kiyevda ballistik nishonlarni urib tushirish uchun zarur raketalar yetishmasligini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning mazkur dasturga qo‘shilishidagi asosiy sabab ham aynan shunda.

Yevropaning o‘zida raketaga qarshi mudofaa tizimi mavjudmi?

Ha, ammo ular tarqoq, o‘ta qimmat va asosan xorijda ishlab chiqarilgan.

Bir qator davlatlar ballistik raketalarga qarshi asosiy qurol sanalgan, AQSHda ishlab chiqarilgan «Patriot» tizimlaridan foydalanadi. Biroq uning tutib oluvchi raketalarining har biri millionlab dollar turadi va ularni ishlab chiqarish hajmi global talabni qondira olmayapti.

Fransiya va Italiya hamkorligida yaratilgan «SAMP/T» tizimi Yevropaning mahalliy muqobili hisoblansa-da, uning jangovar sharoitdagi amaliyoti cheklangan. Qolaversa, Ukrainada mazkur tizim raketalari tugab bormoqda.

Shuningdek, 2022 yildan buyon Germaniya yetakchiligida mavjud tizimlarni birgalikda xarid qilishni ko‘zda tutuvchi «Yevropa osmoni qalqoni» tashabbusi ham faoliyat yuritmoqda. Biroq uning Amerikaning «Patriot» va Isroilning «Arrow 3» tizimlariga qaramligi ushbu loyihadan chetda qolgan Fransiyaning keskin tanqidiga sabab bo‘lgan edi.

«Yangi koalitsiya mavjud tizimlarning o‘rnini bosmaydi... Shuningdek, u xaridlarni muvofiqlashtirish va NATO tizimlariga moslashish orqali ishlaydigan "Yevropa osmoni qalqoni" loyihasiga ham muqobil emas», — deydi Ukraina xavfsizlik va hamkorlik markazi tahliliy markazi vakili Olesya Goryaynova «Al Jazeera» nashriga bergan intervyusida.

«Buni hozirda Ukraina muhim rol o‘ynayotgan, NATO va Yevropa Ittifoqi doirasidan tashqaridagi Yevropa havo mudofaasi yangi arxitekturasining shakllanishi sifatida baholash mumkin», — deya qo‘shimcha qiladi mutaxassis.

Ukrainaning roli qanday?

Markaziy rol. «Ukraina ballistik va raketa qurollariga qarshi kurashda noyob

tajribaga ega», — deydi Goryaynova. Uning ta’kidlashicha, hatto dunyoning eng yirik superdavlatlaridan biri sanalgan AQSH ham «dushmanning yuqori texnologiyali ballistik qurollardan uyushtirayotgan ommaviy hujumlarini muntazam qaytarish borasida Ukrainadek tajribaga ega emas».

Rossiyaning «Iskander» va «Kinjal» raketalariga qarshi qanday usullar ish berishi yoki bermasligi haqidagi bunday amaliy bilimni boshqa hech bir davlat taqdim eta olmaydi.

Ukraina, shuningdek, o‘z sanoat salohiyatini ham ishga soladi. Zelenskiy mamlakat ichida ishlab chiqilgan «Freyja» tutib oluvchi raketalar dasturini ehtimoliy «Yevropa modeli» sifatida ilgari surmoqda. Vashington esa o‘z navbatida Ukrainaga «Patriot» tizimi raketalarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berishni va’da qilgan.

«Fire Point» kompaniyasining ta’kidlashicha, Ukrainada yasalgan tutib oluvchi raketalar «Patriot» raketalariga qaraganda bir necha barobar arzon tushadi. Ushbu tizim hali jangovar sharoitda sinovdan o‘tmagan bo‘lsa-da, u koalitsiyaning iqtisodiy jihatdan asosiy tayanchi bo‘lishi kutilmoqda.

Navbatdagi qadamlar qanday va ular qancha vaqt oladi?

«The Associated Press» nashrining xabar berishicha, mazkur deklaratsiya 10 ta davlat zimmasiga umumiy operativ talablarni belgilash, qo‘shma texnik ishchi guruhlar tuzish hamda dastlabki operativ imkoniyatlarga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish majburiyatini yuklaydi. Biroq buning uchun hech qanday aniq muddat belgilanmagan.

Shunga qaramay, Zelenskiy bu borada ancha ishonch bilan fikr bildirdi. U Parijdagi sammitda yetakchilarga Ukraina va uning hamkorlari kelgusi 12 oy ichida «Freyja» dasturi asosida ommaviy ishlab chiqariladigan, arzon raketaga qarshi tizimni birgalikda yaratishi mumkinligini aytdi. Yig‘ilishdan so‘ng u X tarmog‘idagi sahifasida: «Biz iloji boricha tezroq harakat qilishimiz kerak», — deya yozib qoldirdi.

Ammo Goryaynovaning fikricha, Yevropaning tutib oluvchi raketa tizimlarini tezkorlik bilan joylashtirish imkoniyati qarorlarning qay darajada tez qabul qilinishiga va Yevropa Ittifoqidagi byurokratik to‘siqlarga bog‘liq bo‘ladi.

Bunga shubha bilan qarayotgan mutaxassislar hatto to‘liq moliyalashtirilgan dasturlar ham yillab vaqt talab qilishini ta’kidlamoqda. Masalan, Germaniya 2023 yilda Isroilning «Arrow 3» tizimiga buyurtma bergan. Uning birinchi batareyasi 2025 yilning dekabrida ishga tushirilishi kutilmoqda va to‘liq tizim 2030 yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmagan.

Teglar

Mavzuga oid