Shavkat Mirziyoyev Si Jinpinga hamdardlik bildirdi
Xunan provinsiyasidagi pirotexnika zavodida yuz bergan kuchli portlash oqibatida 26 kishi halok bo‘ldi, yana 61 nafar fuqaro turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonalarga yotqizildi.
© Foto: Prezident matbuot xizmatiO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xtoyning Xunan provinsiyasidagi sanoat korxonasida yuz bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinpinga hamdardlik yo‘lladi.
Shavkat Mirziyoyev vafot etganlarning oila a’zolariga bardamlik, jarohatlanganlarga esa tez fursatda sog‘ayib ketishni tiladi.
Fojia 2026 yil 4-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:43 da Xunan provinsiyasining Lyuyan shahrida joylashgan «Huasheng Fireworks Manufacturing and Display» pirotexnika zavodida yuz bergan. Oxirgi tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 26 nafarga yetdi, yana 61 kishi og‘ir va o‘rta darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizildi.
Guvohlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylangan videolarda tog‘li hudud ustida ulkan tutun buluti va ketma-ket kuchli portlashlar aks etgan. Zarba to‘lqini zavoddan bir necha yuz metr radiusdagi binolarga zarar yetkazgan. 5-may kuni ertalabgacha davom etgan qidiruv-qutqaruv ishlariga 500 ga yaqin qutqaruvchi va maxsus texnikalar jalb etildi.
Fojia fonidagi asosiy faktlar
Lyuyan shahri Xitoydagi eng yirik feyerverk ishlab chiqarish markazi bo‘lib, mamlakat eksportining 70 foizini ta’minlaydi. Hodisadan so‘ng hududdagi barcha 400 dan ortiq pirotexnika korxonalari faoliyati xavfsizlik tekshiruvlari uchun to‘xtatildi.
Korxona rahbariyati huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Davlat Kengashi tomonidan voqea sabablarini o‘rganish bo‘yicha maxsus tergov guruhi tuzildi. Xitoy rahbari yaradorlarni qutqarish va jabrlanganlarga yordam berish uchun barcha kuchlarni safarbar qilish, shuningdek, aybdorlarni qattiq javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriq berdi.
Rasmiy Pekinning ma’lum qilishicha, portlash sodir bo‘lgan zavod hududida havo va suv tozaligi bo‘yicha monitoring ishlari olib borilmoqda, hozircha ekologik me’yorlar buzilishi kuzatilmagan.





